Hozir hamma davlatlarda xuddi bizdek karantin davri kechmoqda. Bilamizki, kuniga minglab odamlar vafot etmoqda va shularning ko‘milishlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli videolar tarqalmoqda. Shu videolarni ko‘rayotib qalbimiz larzaga kelyapti. Negaki koronavirusdan vafot etgan jasadlar qandaydir xarobazorlarga, axlatlar tashaladigan chuqurlarga maxsus mashinalarda sellofanga o‘ralgan holatda to‘p-to‘p bo‘lib, xuddi axlat singari tashlanmoqda. Savolim shundan iboratki: bu jasadlarni shunday qilib tashlanishi jasadga bo‘lgan behurmatlik desak bo‘ladimi? Bu haqida dinda qanday hukm bor?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Afsuski, siz ko‘rgan holatlar agar haqiqat bo‘lsa, judayam achinarli holat, inson sha’niga behurmatlikdir.
Vafot etgan kishining hurmati ham xuddi tirik kishining hurmati kabi bo‘ladi. Mayyitga bepisandlarcha munosabatda bo‘lish va xo‘rlash shar’an haromdir. Bunday qattiq gunohdan saqlanish kerak.
Vafot etgan insonning ham o‘ziga yarasha haq-huquqlari mavjuddir. Bularni ado etish tiriklar zimmasidagi burch hisoblanadi. O‘likni yuvish, kafanlash va unga janoza namozi o‘qish farzi kifoya hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda Islom dini inson huquqlarining nafaqat ijtimoiy hayotda, balki vafotidan keyin ham amalda bo‘lishini talab etadi.
Mazkur masalada Islom dinining barcha fiqhiy kitoblarida o‘likni u o‘lim holatiga kelishidan boshlab dafn etish va undan keyingi aza, motam kabi masalalari batafsil tarzda bayon qilingan. Bu ham bo‘lsa, mayyitga bo‘lgan ehtirom, unga tirik kabi insonga qilinadigan hurmat ko‘rsatilishidan darak beradi. Mayyit qanday yuviladi, qanday kafanlanadi, qanday namoz o‘qiladi, yosh bola vafot etsa qanday muomala qilinadiyu, ayol kishi vafot etsa qanday muomala qilinadi, bularning barchasi fiqhiy kitoblarda bayon etilgan. Bularning barchasi Islom shariatida inson nafaqat tirikligida, balki vafotidan keyin ham ehtiromga loyiq ekanini ko‘rsatadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.