Assalamu alaykum meni do’ddamni ichaklarida kasallik (kolastoma) aniqladi va ichakning bir qismini aperatsiya yo’li bilan kesib olib tashlandi. Hozirda kolastom qopi orqali axlat keladi meni savolim namoz uchun taxorat olishdan oldin mustahab qilinadi bunday insonlar qanday mustahab qiladi ?
Shariatda sizning bobongiz kabi doimiy ravishda tahorati sinib turuvchi kishilar “sohibi uzr” hisoblanadi va ularga ibodatda yengilliklar berilgan. Bunday kishi har bir namoz vaqti kirgandan so‘ng, imkoni boricha o‘sha najosat chiqadigan joy – kolostoma qopchasini tozalaydi yoki atrofini artib, pokizalaydi. Shu amalning o‘zi istinjo, ya’ni siz aytgan mustahab o‘rniga o‘tadi. Shundan keyin odatdagidek tahorat oladi. Shu olingan tahorat bilan keyingi namoz vaqti kirguncha xohlagancha farz va nafl namozlarini o‘qiyveradi. Tahorat olgandan so‘ng qopchaga najas kelishi uning tahoratini sindirmaydi, faqat keyingi namoz vaqti kirgandagina tahoratini yangilashi kerak bo‘ladi. Agar har namoz uchun qopchani tozalash yoki almashtirish ortiqcha mashaqqat tug‘dirsa, masalan, u darhol yana iflos bo‘lib qolsa yoki bemorga og‘riq va qiyinchilik keltirsa, o‘sha holida tahorat olib namozini o‘qishiga ruxsat etiladi. “Fatovo Olamgiriya” kitobida bunday deyilgan: مريض تحته ثياب نجسة إن كان بحال لا يبسط شيء إلا ويتنجس من ساعته يصلي على حاله وکذا إذا لم ینتجس الثاني، لکن یلحقه زیادۃ مشقة بالتحویل “Bemorning tagida najosat mato bo‘lib, ushbu mato o‘rniga boshqa pok matoga solinsa-yu, lekin solinishi bilanoq yana najosat bo‘lib qoladigan holatda bo‘lsa, bemor shu holatida(ya’ni shu najosat mato ustida) namoz o‘qiyveradi. Yangi solingan mato najosat bo‘lmasa-yu, lekin almashtirish sababli bemorga mashaqqat tug‘ilsa, bu vaziyatda ham o‘z holatida namoz o‘qiyveradi”. Savolda so‘ralgan bemor ham shunga qiyoslanadi.