KO'CHIRMACHILIK BILAN OLINGAN DIPLOM MAOSHI

ID: 5068

12.12.2025

53

Savol:

Assalomu alaykum. Men universitetda o'qiyman, oraliq nazorat va sessiyalardan telefon ishlatib o'tmoqdamiz. Bu holatni bizni tekshirib turgan domlalar ham bilib turishadi, ba'zida «ishlatmanglar» deb qo'yishadi. Savolim shuki: men bu universitetni bitirib diplom olsam va biror ishga joylashsam, puxta o'qimaganim uchun oladigan oyligim halol bo'ladimi? Ko'pchilik sohada ishlaydiganlar: «Universitet diplomi faqat ishga kirish uchun kerak, ishda senga topshiriladigan vazifani hammasini noldan o'rgatishadi», deyishyapti. Universitetda yaxshi o'qimagan bo'lsam ham, ish faoliyatimda berilgan vazifalarni puxta bajarsam, shuning o'zi oladigan maoshim halol bo'lishiga kifoya qiladimi? Javob uchun oldindan rahmat, Alloh xizmatlaringizdan rozi bo'lsin.

Javob:

Vaalaykum assalom. Imtihonlarda ko'chirish va aldov yo'lini tutish shariatimizda qattiq qoralangan ishdir. Shuning uchun bu qilmish tufayli tavba qilish lozim. Ammo kelajakda oladigan maoshingizning hukmi diplomingiz qanday olinganiga emas, balki ish joyidagi vazifangizni qanchalik to'g'ri bajarishingizga bog'liqdir.

Agar siz ishga kirgach, o'z vazifangizni puxta, bilim bilan va nuqsonsiz ado etsangiz, olgan maoshingiz sizga halol bo'ladi. Bordiю, o'qimaganlik sababli malakasizlik qilib, ishga va jamiyatga zarar etkazsangiz, u holda olgan maoshingiz halol bo'lmaydi. Shu bois, bundan buyon kasbning haqiqiy mutaxassisi bo'lish uchun ilm o'rganishga harakat qiling. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar