Mana shunday xabar tarqaldi. Bu qanchalik asosga ega? Xabar matni quyidagicha: “3-25 tongda oy Ka'ba atrofidan aylanib o'tadi va osmon yirik bo'ladi! Bu qabul vaqti bo'lib, 100 ming yilda bir keladi! Allohdan xohlaganini surasa bo'ladi!! Buni hamma yakinlaringizga yuboring, hamma bilsin! Bugun tuliq oy kunlari boshlanyapti - dardlarga shifo beriladigan vaqt boshi! Hech narsa so'ramanglar, oddiy qabul etinglar... Ey ulug' Zot, dunyo Hukmdori, hamma narsani sodir qilgan, Sendan iltijo qilaman meni yodingda tut, mendan va mening xonadonimdan utib ketma! Mendan hamma tashvishlarim va dardlarimni olib, menga va oyilam dardlariga davo ber! Omin! Bu juda kuchli duo! 12 nafar yakinlaringizga jo'nating”. Iltimos shunga aniqlik kiritib bersangiz?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bu qanday bir jaholat, qanday bir odamlarni dindan chalg‘itish bo‘ldi?! O‘zi melodiy yil bo‘yicha 2 ming yil o‘tgan bo‘lsa, meloddan avval ham 2 ming yil o‘tgan deylik, ajabo 100 ming yilda bir keladigan voqea qanday aniqlanibdi?!
Buning ustiga duolarimizning qabul bo‘lishi biror sayyoraning yerga yaqinlashishiga bog‘lab qo‘yilganmi?! Birorta oyati karima yoki hadisi sharifda duolarning sayyoralar harakatiga bog‘langan joyi bormi?! Sayyoramizga qandaydir boshqa sayyora yaqinlashdi ham deylik, buni dinimizga nima aloqasi bor? Aynan o‘sha paytda duo qilishga chaqirishga qanday asos bor?!
Payg‘ambarimiz alayhissalom omonat bilan bizga barcha duolar ijobat bo‘ladigan vaqt, holat va makonlarni bayon qilganlar. Duo qabul bo‘lishi uchun 100 ming yil kutish shart emas. Har soatda, har bir maqbul ibodatdan keyin, har kunduz, har kechada duo ijobat bo‘ladi. Faqat buning uchun shariatga muvofiq duo qilinsa bo‘lgani.
Din mavzusida biror gapni aytish Alloh va Uning Rasuli tarafidan gapirish hisoblanadi. Bunda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish kerak. Bu kabi asossiz ma’lumotlarni to‘qish yoki aslini surishtirmay bu kabi safsatalarni gapirish Alloh va Uning Rasuliga yolg‘on to‘qish bo‘ladi. Bu haqida esa Alloh taolo Qur’oni karimning “An’om” surasida shunday degan:
وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنِ افْتَرَى عَلَى اللّهِ كَذِبًا أَوْ قَالَ أُوْحِيَ إِلَيَّ وَلَمْ يُوحَ إِلَيْهِ شَيْءٌ وَمَن قَالَ سَأُنزِلُ مِثْلَ مَا أَنَزلَ اللّهُ وَلَوْ تَرَى إِذِ الظَّالِمُونَ فِي غَمَرَاتِ الْمَوْتِ وَالْمَلآئِكَةُ بَاسِطُواْ أَيْدِيهِمْ أَخْرِجُواْ أَنفُسَكُمُ الْيَوْمَ تُجْزَوْنَ عَذَابَ الْهُونِ بِمَا كُنتُمْ تَقُولُونَ عَلَى اللّهِ غَيْرَ الْحَقِّ وَكُنتُمْ عَنْ آيَاتِهِ تَسْتَكْبِرُونَ
“Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan yoki unga hech narsa vahiy qilinmasa ham, «Menga vahiy qilindi», degan yoxud «Alloh nozil qilgan narsaga o‘xshash narsani men ham nozil qilaman», degan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor? Zolimlarning o‘lim talvasasida turgan paytlarini, farishtalarning «Joningizni chiqaring! Bugungi kunda Allohga nisbatan nohaq gap aytganlaringiz uchun va Uning oyatlaridan mutakabbirlik qilib yurganingiz uchun xorlik azobi ila jazolanursiz», – deya ularga qo‘l cho‘zib turganlarini ko‘rsang edi".
Shuningdek, Alloh taolo “Hud” surasida shunday marhamat qilgan:
وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنِ افْتَرَى عَلَى اللّهِ كَذِبًا أُوْلَئِكَ يُعْرَضُونَ عَلَى رَبِّهِمْ وَيَقُولُ الأَشْهَادُ هَؤُلاء الَّذِينَ كَذَبُواْ عَلَى رَبِّهِمْ أَلاَ لَعْنَةُ اللّهِ عَلَى الظَّالِمِينَ
“Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor? Ana o‘shalar Robblariga ro‘baro‘ qilinurlar va guvohlar ayturlar: «Manavilar Robblariga nisbatan yolg‘on gapirganlardir. Ogoh bo‘lingkim, Allohning la’nati zolimlargadir”.
Aslini olganda, yolg‘on katta gunoh. Endi o‘sha yolg‘on ulug‘ Zotning – Alloh taoloning sha’niga aytilsa, yana ham katta gunoh bo‘ladi. Unday ishni qilgan kishilar zolimlarning zolimi bo‘ladi.
Xullas, mana shunday botil, yolg‘on xabarlar tarqatuvchilar o‘zlarini o‘nglasinlar va qattiq tavba qilsin. Diniy mazmundagi turli xil to‘qima ma’lumotlarni tarqatib, uni boshqalarga ulashishga targ‘ib qilishlari Qiyomatda o‘zlarining zararlariga hujjat bo‘ladi. Vallohu a’lam. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.