KINNACHILIKNI BO‘YNIMGA OLISHIM KERAKMI?

ID: 780

04.04.2025

46

Savol:

Buvim rahmatlik odamlarni qamchi bilan non bilan davolar yedi. Bir tabib mulla menga tabiblik senga konibdi kamchini sen olishing kerak, deyapti. Yaqinlarim olmasang hayoting qiyinlashadi, demoqda. Aytingchi, bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Afsuski bunday holatlar tez-tez eshitilib turadi. Siz aytgan holatlarda jinlardan foydalanib, odamlarni go‘yoki davolash nazarda tutiladi. Falonchi falon ishni bo‘yningga olishing kerak. Olmasang u bo‘ladi, bu bo‘ladi. Kasal bo‘lasan, qiynalasan, degan safsatalar bilan qo‘rqitadiganlar bor. Kimdir qamchi bilan, kimdir non bilan, yana kimdir bobolari va momolari bilan davolashni da’vo qiladi. Umuman olganda bularning barchasi jinkashlik hisoblanadi. Ya’ni bu turdagi “dam soluvchilar” jinlardan yordam oladilar. Jinlardan yordam olish uchun esa oldin ularga itoat qilish talab qilinadi. Ya’ni jinlar “damchi”larga yordam berishlari uchun ular jinlarga bo‘yinsunishlari kerak bo‘ladi. Jinlarga bo‘yin sunish deganda ularni ulug‘lash, ularning nomiga jonliq so‘yish, hatto kufr so‘zlari yoki amallarini qilish tushuniladi. Bu haqda zamonamiz olimlaridan jinlar sohasida yetuk olim Vahid ibn Abdussalom o‘zlarining “As-Sorimul-battor” kitoblarida batafsil aytgan. Unda aytilishicha ba’zi “dam soluvchilar” jinlardan yordam olish uchun Allohga isyon qilishlari, jinlarni esa ulug‘lashlari talab etiladi.

Bu o‘rinda birinchi navbatda inson aqidasini o‘nglash kerak. Ozgina qiyinchilikdan (kasallik)dan qo‘rqib jinlarga itoat qilishni bo‘yniga olib ketavermaslik kerak. Bunga faqatgina aqidasi zaif insonlargina rozi bo‘ladilar. Yaxshilik va yomonlik, foyda va zarar faqat Allohdan ekaniga iymoni zaiflargina bunga ko‘nadi. Nafaqat jinlar balki biror mavjudot Allohning iznisiz zarar yetkamaydi. Ammo e’tiqodi zaiflar, Alloh taologa ixlos bilan bandalik qilmaydiganlarga jin-shaytonlarning hukmronlik qilishi Qur’oni karimda aytilgan. Alloh taolo “Hijr” surasida shunday marhamat qiladi: “(Iblis) dedi: «Ey, Rabbim! U holda menga (ular) qayta tiriladigan kungacha (qiyomatgacha) muhlat bergin! (Alloh) dedi: «Bas, sen muhlat berilganlardansan. Ma’lum vaqt (qiyomat) kunigacha. (Iblis) aytdi: «Ey, Rabbim! Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) yerdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko‘rsatib qo‘yurman va albatta, ularning hammalarini yo‘ldan ozdirurman. Illo ularning orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan mustasnodir). (Alloh) dedi: «Mening zimmamdagi to‘g‘ri yo‘l shuki, Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo‘qdir, illo senga ergashgan gumrohlarnigina (yo‘ldan ozdira olursan)». Ularning (kofir va gumrohlarning) barchasi uchun va’da qilingan joy jahannamdir” (Hijr surasi 36-43 oyatlar).

Shuning uchun ulamolar jinlardan yordam olishni shar’an harom deb hisoblaganlar. Birinchidan bu bizlarga nisbatan g‘ayb hisoblangan narsa bilan shug‘ullanishdir. Undan tashqari quyidagi oyatlar ham jinlardan va ulardan yordam olishdan, ularning xatarlaridan ogohlantiradi: “(Ey, Muhammad! Ayting): «Men sizlarga shaytonlar (jinlar) kimlarga tushishi haqida xabar beraymi? Ular barcha bo‘htonchi, gunohga botgan (folchi-romchi, kohin)larga tushurlar” (Shuaro surasi 221-222 oyatlar)

“Ularning hammasini jam etadigan Kunda (aytamiz): «Ey, jinlar to‘dasi! Insonlardan (siz chalg‘itganlar sonini) ko‘paytirdingizku?» (Shunda) ularning insonlardan bo‘lgan do‘stlari (deydilar): «Ey, Rabbimiz! (Biz shunchaki) bir-birimizdan foydalandik...” (An’om surasi 128-oyat). 

Boshqa oyatda: “Insonlardan bo‘lmish (ayrim) kishilar jinlardan bo‘lmish kimsalardan panoh tilashar, ularga esa yanada haddan oshishni ziyoda qilur edilar”, — deyilgan (Jin surasi 6-oyat).

Ulamolar mazkur oyatlar va bir qancha hadislardan kelib chiqib, jinlardan yordam olib dam soluvchilarning oqibati yomon bo‘lishi, dunyo va oxirati xatarda ekanini ta’kidlaydilar. Tavfiq Allohdan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar