Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh Bazan oʻylab qolaman ota onam ilmli boʻlganda edi hozir menga ancha oson boʻlar edi deb. Men hozir oʻz dinimizni oʻrganayapman. Lekin bu rosa qiynalayapman miyyam chalkashib ketti oʻrgangim ham kelmay qolgan hech narsa qilgim kelmayapti. Yerga yalpayib hech narsa qilmasdan yotib olgim kelyapti. Agarda ota onam meni ilmli boʻlganda hozir menga yoʻl koʻrsatishgan boʻlar edi. Yoshligimda ilmga qiziqtirib hozir ancha narsani oʻrganib olgan boʻlar edim. Hozir 20 yoshdaman. Turmushga chiqmaganman. Ilm oʻrganayotganimga qoʻshimcha nagruzka boʻlib boʻydogʻligim ham bor. Bunda kimni ayblashdi bilmayman. Bazan ota onamga "Nega ilm oʻrganmagansiz yoki meni yoshligimdan ilm oʻrgangani bermagansiz" deb baqirib urushgim keladi. Lekin ota onaga unday deb boʻlmaydida, lekin shunday ichimga yutib yuraversam aniq bir kuni portlab ketishimni his qilayapman. Lekin kimga portlashim nomaʼlum. Keyin ham ilngliz, rus, arab, dasturlash tilini ham oʻrganishim kerak. Bu hammasi emas yana IT yoʻnalishi boʻyicha yana koʻp narsalarni oʻrganishim kerak. Yana uyimda tozalash ishlari ham meni boʻynimda. Lekin siqilganimdan asabiylashganimdan hech birini qilgim kelmaydi. Zoʻrgʻa Alloh tozalikni yaxshi koʻrganidan keyin uyimizga rahmim kelganidan asabiylashib qilaman. Lekin meni oʻrgangim kelmayapti. Ota onamni ota onalari ham ilm oʻrganmagan ularda ham ayb yoʻq nima qilay yordam beringlar
Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh. Siz aytayotgan holat tabiiy hol. Chunki siz bir vaqtning o‘zida juda ko‘p narsani zimmangizga olmoqchisiz. Bu esa insonga og‘irlik qiladi. Shuning uchun o‘zingizni shunday his qilyapsiz. Birinchi navbatda, ota-onangiz ilmli bo‘lmaganlari uchun hecham ayblashga shoshilmang. Avvalo, Allohga shukr qiling sizga shunday ne’mat berganiga. Ularning davrida ilm olish uchun bunday imkoniyat va sharoitlar bo‘lmagan. Ularni ayblash, ulardan xafa bo‘lish o‘rniga qo‘lingizdan kelganicha xizmatlarini qilishga harakat qiling, duolarini oling. "Kimki ota-onasi yoki ulardan biri tirik bo‘la turib, ularning duosini olmasa, burni yerga ishqalansin" degan ma’noda hadis bor. Haqiqiy ilm olish - bu ma’lumotlarning ko‘pligida emas, balki uni hayotga tatbiq qila bilishda, unga amal qilishda. Siz ilmni betartib olishga harakat qilayotganingiz uchun shunday bo‘lishi mumkin. Chunki ilm tartib bilan olinsa, zerikish bo‘lmaydi. Har bir fanni o‘qishda o‘rganish tartibi bo‘ladi: qaysi kitobdan so‘ng qaysinisini o‘qish va hokazo. Ilm talab qilishda shunga rioya qilish lozim. Ilm o‘rganish odoblariga doir kitoblarni mutolaa qiling. Yana bir narsani ta’kidlash kerakki, hatto katta olimlarda masalan, hadis kitoblarini o‘qisa, boshqa fiqh kitoblari qolib ketayotgani, fiqhni o‘qisa, tafsir qolib ketayotganidan nadomat qilish holatlari bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida hammasiga ulgurib bo‘lmaydi. Tartib, reja bilan kirishish kerak. Alloh taolodan to‘g‘ri yo‘lga solishini, foydali ilm berishini duo qilib so‘rash kerak. Siz turmush qurmagan vaqtingizni g‘animat bilib, ko‘proq ishlarni, ilmlarni o‘rganishga sarflashga harakat qiling. Turmush qurganingizdan so‘ng bu kabi ishlarga fursat topa olmasligingiz ham mumkin. Musulmon kishi sog‘lig‘i va bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishi lozim. Bu ikkisining qadri yo‘qolganda bilinadi. Alloh taolo sizga ikki dunyo uchun foydali ilm bersin. Ilm olishga harakat va g‘ayratingizni susaytirmang