"HAJGA BORMASDAN PULINI EHSON QILAMAN" DEYISH TO‘G‘RIMI?

ID: 244

04.04.2025

84

Savol:

Qo‘shnim "Ka’batullohga bormayman, unga ketadigan harajat pulini ehson qilaman yoki muhtoj oilaga to‘y qilib beraman" deb aytadi. Bu qanchalik to‘g‘ri, shunday qilsa bo‘ladimi, buni hukmi qanday?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Haj buyuk ibodat. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlariga Alloh uchun Baytni haj qilmoq vojibdir. Kimki kufr keltirsa, albatta, Alloh olamlardan behojatdir”, (“Oli Imron” surasi, 97-oyat).

Ushbu oyati karima ila haj ibodati farz bo‘lgan. Ma’noning o‘zidan bilinib turibdiki, haj ibodati hammaga ham farz bo‘lavermaydi. Balki «Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlariga» farz bo‘ladi. Ular kimlar? Ular — sog‘lom, hajga borib-kelishga va shu davrda oilasini nafaqasiga yetadigan mablag‘ga ega, yo‘lida xavf-xatar yo‘q, ayol kishi bo‘lsa, mahrami bor kishilardir.

Ushbu shartlarni o‘zida mujassam etgan har bir musulmonga umrida bir marta haj qilish farzdir. Ular imkoni bo‘la turib, haj qilmasalar, katta gunoh qilgan bo‘ladilar. Shuning uchun ham oyatning oxirida: “Kimki kufr keltirsa, albatta, Alloh olamlardan behojatdir”, deyilmoqda.

Ya’ni kimki imkoni bo‘la turib, haj qilmasa,  Alloh taolo haj qilmaganning toatiga ham behojatdir. Bu yerda imkoni bo‘la turib, haj qilmaslik kufrga tenglashtirilmoqda.

Shundan kelib chiqib, haj zimmasida farz bo‘lgan kishi haj uchun yig‘gan mablag‘ini ehson qilib yuborishi to‘g‘ri emas. Balki u zimmasidagi farz ibodatni ado etishi lozim hisoblanadi. Agar umrida bir marta haj qilgan bo‘lsa, ikkinchi marta haj qilishi nafl (ziyoda) hisoblanadi. Mana shunday kishi yana haj qilishi yoki ehson qilishi o‘z ixtiyorida bo‘ladi. Ya’ni, xohlasa ikkinchi marta haj qilishi uchun yiqqan pulini ehson qilishi yoki umumiy xayriya ishlariga sarflashi afzaldir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar