QABRLAR USTIGA QUR’ON O‘QIYDIGAN ELEKTRON JIHOZLARNI O‘RNATISH

ID: 82

04.04.2025

48

Savol:

Ba’zi insonlar o‘tganlarining qabrlari ustiga doimiy Qur’on tilovat qilib turuvchi chiplarni o‘rnatib qo‘ymoqdalar. Shu ish joizmi, ushbu tilovatlardan mayyitga savob yetadimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ushbu savolning javobida ikkita muhim jihatni mulohaza qilish lozim. Birinchisi Qur’oni karimni ulug‘lash va tilovat qilinganda unga quloq tutish. Ikkinchisi tilovatdan mayyitlarga manfaat yetishi:

  1. Qur’oni karim mo‘min-musulmonlarga buyuk ne’mat va tengi yo‘q in’omdir. Alloh taolo Qur’oni karimni bunday sifatlaydi: «… Bu (Qur’on) imon keltiradigan qavm uchun Rabbingizdan ko‘rsatmalar, hidoyat va rahmat (manbai)dir»» (A’rof, 203). Alloh taolo: «Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!» deydi (A’rof, 204). Mazkur oyatdan Qur’on tilovat qilinganda tinglash va jim turish vojib ekani ma’lum bo‘ladi. Kalomullohni tafakkur va xushu bilan tinglash muqaddas dinimiz talabidir. Qur’oni karimni tinglash qalbga shifo bo‘lib, insonni toat-ibodat va taqvoga boshlaydi. Natijada banda Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga erishadi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Alloh taoloning kitobidan bir oyat tinglasa, unga bitta savob ko‘paytirilib beriladi. Kim Qur’on tilovat qilsa, unga qiyomat kuni nur bo‘ladi”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).

  2. Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra toat-ibodatlarning savobi marhumlarga yetib boradi. Xususan, marhumlarga Qur’on tilovatining savobini bag‘ishlash joiz va uning savobi ularga yetib boradi.

Imom Subkiy bu xususda quyidagilarni aytadi: “Qabr ustida ma’lum muddat yoki ma’lum miqdor qiroat qilib berish uchun ijara kelishuvi joizdir. Chunki qiroat vaqtida rahmat yog‘ilgani uchun mayyit manfaat oladi. Qabrdagi mayyit bu borada tirik kabi bo‘ladi. Unga qiroatdan keyin duo qilinsa yoki savobini bag‘ishlansa ham, bu ishlarni qilmasa ham Qur’on manfaati yetadi... Agar savobini bag‘ishlasa bu ham duoga kiradi va o‘lik bundan foyda oladi”.

Yuqoridagi iboralardan qabrdagi marhumlarga tilovat savobi yetib borishi uchun tilovat qiluvchi kishi tilovatning savobini unga bag‘ishlashi kerak bo‘ladi. Elektron jihozlardagi tilovatda esa bu narsa topilmaydi. Lekin qabr yonida tilovat qilinsa u yerga rahmat yog‘ishi, shu e’tibordan qabrdagi mayyitga manfaat yetishi umid qilinadi.

Ulamolar bu ikki jihatni hisobga olgan holda bu kabi jihozlarni qo‘yish Qur’on karimga hurmatsizlik holatini keltirib chiqarmasligi hamda odamlarga tashvish keltirmasligini shart qiladilar. Masalan, uning yonida qabr kavlansa va boshqa mayyit dafn qilinsa yoki odamlar ziyorat yoki boshqa yumushlari uchun kelib unga quloq solmasalar, Qur’oni karimni eshitib jim turish buyrug‘iga zid ish bo‘ladi. Natijada ular va bunga sababchi bo‘lgan insonlar gunohkor bo‘lib qoladilar. Bunday holatlarda Qur’on tilovat qilib turuvchi jihozlarni qabr ustiga qo‘yish joiz emas. Buning o‘rniga inson o‘zi tilovat qilib bag‘ishlashi, imkoni bo‘lsa qabristonga borib, qabrni ziyorat qilgach tilovat qilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunda o‘zi uchun ham, mayyit uchun ham savob hosil bo‘ladi. Shu mulohazalar e’tiboridan qabrlar ustiga bunday jihozlarni qo‘yish tavsiya etilmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar