Assalomu alaykum Bizning dinda Realtorlik mumkinmi?
Va alaykum assalom. Ha, mumkin. Chunki dallollik uchun xizmat haqqi olish joiz. Dallol deb sotish va sotib olish ishlarida o‘rtada turuvchi kishiga aytiladi. Hozirda dallol deganda broker, makler, agent, vositachi kabilar ham tushuniladi. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa, har ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar savdoga qo‘yilgan mahsulot halol bo‘lib, dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi. Faqat dallolning vazifasi nimadan iborat ekani va xizmat haqqi oldindan belgilangan bo‘lishi kerak. Bu haqida Mullo Xusrav rohimahulloh shunday zikr qilganlar: “Dallol molni egasining roziligi bilan sotsa, dalollik haqini sotuvchidan oladi. Sotuvchi bu mablag‘ni xaridordan qaytarib olmaydi. Lekin dallol sotuvchi va xaridor orasida harakat qilib, ularni kelishtirib qo‘ysa va shundan keyin sotuvchi molini sotsa, qaraladi: Agar urf-odat bo‘yicha dallolning xizmat haqining barchasini sotuvchi beradigan bo‘lsa, undan oladi. Xaridordan olinadigan bo‘lsa, xaridor beradi. Ikki tomon birgalikda to‘laydigan bo‘lsa, har ikkisidan oladi” (“Durarul hukkam” kitobi). Bir qancha fiqhiy manbalarda odamlarning dallollikka ehtiyojlari borligi uchun bu ish joiz deyilgan.