KASALLIKLAR TAQDIRMI YOKI JAZOMI

ID: 4677

30.11.2025

60

Savol:

Assalomu alaykum. Meni bir yaqinim 30-35 yosh vaqtlari tish davolatish paytida gepatit yuqtirib oldi. 50 yosh vaqtlarida qant kasaliga chalinchi. Bularga yondosh kasalliklar ham bor. Masalan, yurak, qon bosimi kabi. Bularni hammasi taqdirimi yoki oʻzini salomatligiga eʼtiborsizligidanmi yoki gunohlari u.n Allohdan jazomi? Qanday qabul qilishni bilmay, oilasidagilarni ayblayapti. Ya'ni meni stressga solasizlar deb. Javob uchun oldindan rahmat

Javob:

Va alaykum assalom. Insonga etadigan har qanday kasallik Allohning taqdiri va irodasi bilan bo'ladi. Ammo bunda bandaning o'z sog'lig'iga e'tiborsizligi zohiriy sabab bo'lishi ham mumkin. Musibatning aynan jazo yoki sinov ekanini aniq bilish esa imkonsizdir. Shunday bo'lsada, ulamolar buni bandaning holatiga qarab taxmin qilish mumkin deganlar. Abdulqodir Jiyloniy rahimahulloh aytganlaridek, agar balo kelganda banda sabrsizlik qilib, odamlardan shikoyat qilsa va aybdor qidirsa bu jazo yoki ogohlantirish belgisidir. Agar sabr qilib, Allohga юzlansa bu gunohlarga kafforat va darajaning ko'tarilishidir.

Bemorning oila a'zolarini ayblashi va injiqlik qilishi musibatga nisbatan sabri etishmayotganidan dalolatdir. Mo'min kishi aybni o'zgalardan emas, avvalo o'z nafsidan qidirib, ko'proq istig'for aytishi lozim. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo'minga etgan hatto tikan sanchilishi ham uning gunohlariga kafforat bo'lishini aytganlar. Shunday ekan, o'sha insonga bu dardlar gunohlarning to'kilishi uchun g'animat fursat ekanini eslatib, haqqiga xayrli duoda bo'lish maqsadga muvofiqdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar