Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda karmin E120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlar harom ekani haqida xabar tarqaldi. Shu xabar qanchalik asosli? Shunga aniqlik kiritib bersangizlar?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Karmin – qizil rangli bo‘yoq moddasi bo‘lib, E120 raqami ostida oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida foydalaniladi. Ushbu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub bo‘lgan koshenil hasharotidan olinadi. To‘rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste’mol qilish qat’iy man qilingan. Lekin, hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan karmin E120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va usullardan o‘tishi bilan holati o‘zgarishi soha mutaxassislari va ulamolarimiz tomonidan aytilgan. Bu boradi Iordaniya fatvo hay’atining 3240-sonli Fatvosida quyidagilar bayon qilingan:
وأما المواد التي تستخرج من الحشرات وتتحول بعمليات كيميائية إلى مواد أخرى فهذه العملية تسمى في الفقه الإسلامي بالاستحالة، وهي انقلاب العين من حالة إلى أخرى، فتنقلب من النجاسة إلى غيرها بحيث تفقد صفاتها
Ya’ni: “Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida “Istihola” ya’ni bir moddani boshqasiga o‘zgarishi deyiladi. Natijada, najosat va nopok bo‘lgan narsalar o‘z sifatlarini yo‘qotib boshqa narsaga aylanadi”.
Bu masalada hanafiy mazhabimizning mashhur allomasi Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh “Fathul-Qodiyr” kitoblarida bunday deganlar:
لأن الشرع رتب وصف النجاسة على تلك الحقيقة، وتنتفي الحقيقة بانتفاء بعض أجزاء مفهومها فكيف بالكل ونظيره في الشرع العصير طاهر فيصير خمراً فينجس ويصير خلاً فيطهر
Ya’ni: “Shariat (biror narsani) najosat bo‘lishini muayyan mohiyatga bog‘lagan. Najosatning ba’zi sifatlari yo‘qolishi bilan najosatlik mohiyati ham yo‘qoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yo‘qolsa, najosatlik mohiyati ham to‘liq yo‘qolgan bo‘ladi. Buning shar’iy masaladagi misoli: uzum suvi pok sanaladi. (Vaqt o‘tishi bilan) xamr (mast qiluvchi ichimlik)ga aylanib, najosat bo‘ladi. (Yana vaqt o‘tishi bilan) xamr sirkaga aylanib, pok bo‘ladi”.
Karmin moddasi haqida Fatvolar va tadqiqotlar bo‘yicha Yevropa Kengashi o‘zining 19-sonli fatvosida quyidagicha qaror qilgan: “carmine E120 moddasi garchi kelib chiqishi hayvonlardan bo‘lsa ham, kimyoviy ishlovdan o‘tadi, natijada o‘z tuzilishini o‘zgartiradi hamda asl xususiyatlarini yo‘qotadi”.
Demak, yuqoridagilardan karmin — E120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish joiz ekani ma’lum bo‘lmoqda. Lekin ushbu fatvolar ulamolar tomonidan e’lon qilingan bo‘lsada, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlardan mazkur masalada ehtiyot yo‘lini tutishni tavsiya etganlari ham bor.
Xulosa qilib aytganda, ulamolar ruxsat berib qo‘ygan tarafni olib ba’zi bir odamlar karmin moddasi qo‘shilgan mahsulotni iste’mol qilsa, taqvo va ehtiyot yo‘lini tutganlar ularni malomat qilmasliklari kerak. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.