"KALLA POCHA" PISHIRIB QABR BOSHIDA YEYISH MUMKINMI?

ID: 428

04.04.2025

39

Savol:

Bizdagi ba’zi odamlar, mayyit qabrga qo‘yilgach, ertasi kuni marhum xonadonida kalla pocha pishirishadi. Va uni mozorga olib borib, qabr boshida yeyishadi. Bu kabi odatlar dinimizda to‘g‘rimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bu amal shariatimizda yo‘q. Balki bid’at-xurofotlardan sanaladi. Dinimizda yo‘q bo‘lgan bunday odatlardan saqlanish lozim. Chunki qaysi bir jamiyatda bid’at-xurofotlar ko‘paysa, o‘sha joyda sunnat ishlar kamayadi, turli ixtiloflar eshiklari ochiladi, sof Islom ta’limotlaridan og‘ishish paydo bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida: “Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani yangitdan paydo qilsa, u rad qilingandir”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Ulamolar: “Bid’at ahlining zarari musulmonlar uchun kofir yoki g‘ayridin insonlarning zararidan katta bo‘ladi”, – deyishgan. Chunki g‘ayridinlarning buzg‘unchiligi omma musulmonlarga fosh bo‘lib turadi. Ammo bid’at ahlining buzg‘unchiligini hamma ham anglab ololmaydi. U o‘zini haq yo‘lda deb biladi. O‘zgalarni unga ergashmaganlikda ayblaydi. Bid’at uchun savob olishiga qattiq ishonadi. Uni ko‘rgan insonlar ham ta’sirlanib, har xil yangi odatlarga diniy tus bera boshlaydilar.

Mashhur muhaddis olim Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh o‘z shogirdlariga shunday nasihat qilganlar: “Ilmni mahkam tut. Har qanday bid’atchidan uzoqlash. Ularga umuman moyil bo‘lma. Ular o‘ziga ergashganlarni mish-mishlar, quruq gaplar bilan zalolatga boshlashadi”. Biz har qanday bid’atga barham berishimiz uchun asl Islomning mohiyatini nafaqat o‘rganishimiz, balki o‘z farzandlarimizga o‘rgatishimiz kerak. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar