Kecha kafforot namozi haqida eshitib qoldim. U qanaqa namoz, qachon va qanday o‘qiladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Siz so‘ragan savol mo‘min-musulmonlar ichida tarqab qolgan bir to‘qima, asli yo‘q “hadis”dan kelib chiqqan bo‘lsa kerak. Unda aytilishicha, kim to‘rt rakat namoz o‘qib, har rakatida falon suralarni shuncha adaddan o‘qisa, uning yetmish, boshqa rivoyatda ikki yuz yillik qazolariga kafforat bo‘lar ekan. Ammo bu to‘qima, uydirma hadisdir. U birorta hadis kitoblarida kelgan emas. Uni tarqatish, rivoyat qilish yoki unga amal qilish mutlaqo mumkin emas. Alloma Shavkoniy, Abdulhay Laknaviy kabi ulamolar bir necha rakatli maxsus namozni ado etish bilan ko‘p yillik qazo namozlarni zimmadan soqit bo‘lishi haqidagi rivoyatlar shubhasiz to‘qima hadislar ekanini ta’kidlab o‘tishgan (“Al-Favoidul majmua” va “Al-Osorul marfua” kitobi).
Mahaqqiq olimlardan yana biri Mulla Ali Qori: “Bu kabi rivoyatlar ibodatlardan birortasi yillar davomida qoldirilgan qazo namozlarining o‘rniga o‘tmasligi borasidagi ulamolar ijmosi (yakdil fatvosi)ga ziddir”, degan (“Al-Masnu’ fi ma’rifati al-hadisil mavzu’” kitobi).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish, u kishi aytmagan gapni aytdi, qilmagan ishni qildi, deyish ulkan gunoh. Bu borada U Zot alayhissalom shunday deganlar:
عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ رَضِيَ اللَّه عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "إِنَّ كَذِبًا عَلَيَّ لَيْسَ كَكَذِبٍ عَلَى أَحَدٍ ، مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ" (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhu aytadi: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: “Mening nomimdan yolg‘on gapirish, boshqa birovning nomidan yolg‘on gapirish bilan bir xil emas. Bas, kimki mening nomimdan qasddan yolg‘on gapirsa, o‘ziga do‘zaxdan joy hozirlab olaversin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bunday gaplarni tarqatish Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nomlaridan yolg‘on to‘qish, dinga yangi bid’at kirgizish, shariatda kelgan hukmlarni o‘zgartirish kabi turli katta gunohlarni keltirib chiqaradi.
Qolaversa, agar bunday hadis mavjud bo‘lganida ulamolar kitoblarida alohida bob ochib, qazo namozlariga oid masalalarni bayon qilmagan bo‘lar edilar. Mana shu hadisning o‘zini bayon qilib qo‘yar edilar.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: «مَنْ نَسِيَ صَلَاةً فَلْيُصَلِّ إِذَا ذَكَرَهَا، لَا كَفَّارَةَ لَهَا إِلَّا ذَلِكَ وَأَقِمِ الصَّلَاةَ لِذِكْرِي. رَوَاهُ البخاري
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim namozni unutsa, bas, uni eslagan zahoti o‘qib olsin. Uning bundan boshqa kafforoti yo‘qdir”, dedilar (va quyudagi oyatni o‘qidilar:) “...Meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et (Toha surasi, 14-oyat)” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Mazkur hadisda qoldirilgan namozning kafforati faqat uning o‘zini o‘qish bilangina ado bo‘lishi aytilmoqda.
Shunday ekan, bilmaganlar bilib olsin, bilganlar boshqalarga ham yetkazib, ogohlantirib qo‘ysin. Bu ishni qilib, to‘qima rivoyatlarni tarqatib yurganlar tavba qilishsin, oddiy va asossiz gaplarni hadis, deb tarqatishni to‘xtatishsin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.