Ro‘zador kishi tamaki cheksa ro‘zasi ochiladimi? Agar ochilsa, qazosini tutib berishi kifoyami yoki kafforot ro‘zasini ham tutib berishi kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ro‘zador odam tamaki cheksa, ro‘zasi ochiladi va qazo bilan birgalikda kafforat (ya’ni, ketma-ket 60 kun ro‘za tutish) ham lozim bo‘ladi. Chunki, tamaki mahsuloti inson tabiati xohlaydigan, shahvat xohishi bo‘lgan narsadir. Qolaversa, uni chekishda qasddan tutunni ichga yutish bor.
Shunga ko‘ra tamaki chekish ro‘zani buzadi va kafforotni vojib qiladi. Bu haqida hijriy 11 asrda yashab o‘tgan mashhur hanafiy olim Imom Shurunbuloliy (r.a.) shunday deydilar:
وعلى هذا البدعة التي ظهرت الآن إذا شربه فيه لزوم الكفارة نسأل الله العفو والعافية اهـ
“... Hozirgi paytda paydo bo‘lgan odat – tamaki chekish masalasi ham shunday, (ro‘zador) uni chekkanda kafforot lozim bo‘ladi. Alloh O‘zi avf etsin va ofiyat bersin” (“Maroqil faloh” kitobi).
Imom Abdulhay Laknaviy ham ushbu naqlni keltirib, uning hanafiy mazhabi qoidalariga to‘la muvofiq ekanini ta’kidlaganlar (“Zajru arbabir-royyan an shurbid-duxon” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.