BU RIBOMI YOKI JOIZ

ID: 2819

25.09.2025

157

Savol:

Assalomu alaykum ! Hurmatli Ustozlar. Bizni qishloqda bir nechta boylar qishloq ahlidan olxoʻri sotib olishadi. Ular bogʻ egasiga 1-2 ming dollar miqdorida bayboshi berishadi. Olxoʻri narxini esa kuzda xalq qanchadan sotsa ana shuncha beramiz deyishadi. Lekin amalda unday boʻlmaydi. Balki xalq 5000 soʻm sotsa 4500 oladi ular. Bu holat qishloqda juda ham ommalashib ketgan. Qishda bahorda pul kerak boʻlganda pul beradi evaziga bogʻidagi olxoʻrini faqat ana shu boyga sotadi. Bu shariatda joizmi ?

Javob:

Bunday savdo shar’an durust emas, chunki sotilayotgan mahsulotning narxi oldindan aniq belgilanmagan. Zero, shariatimizda xaridor pulni avvaldan berib qo‘yib, sotuvchi mahsulotni keyin yetkazib berishi – "salam" savdosi deyiladi. Salam savdosi durust bo‘lishi uchun esa sotiladigan mahsulotning (masalan, olxo‘rining) aniq miqdori, sifati va eng muhimi, kelishilgan narxi bitim tuzilayotgan vaqtdayoq belgilab olinishi shart. Keyinchalik bozordagi narxning o‘zgarishi kelishuvga ta’sir qilmasligi kerak.

Darhaqiqat, salam savdosining rioya qilinishi kerak bo‘lgan bir nechta shartlari bor. Umumiy shart – mahsulotning miqdori va sifati ma’lum bo‘lishi kerak (masalan, kilo, idish yoki metrda o‘lchanadigan yoki sanaladigan mahsulotlar bo‘lishi. Hayvonlar, ularning a’zolari, terilari va qimmatbaho gavharlarda salam savdosi bo‘lmaydi). Endi, salam bitimini tuzish uchun mahsulotning quyidagi jihatlari ma’lum bo‘lishi kerak:

  1. Mahsulotning jinsi (masalan, bug‘doy),
  2. Navi (masalan, “lalmi” yoki “obi”),
  3. Sifati (masalan, yaxshi, o‘rtacha yoki yomon),
  4. Miqdori (kilo, metr, dona yoki hajmi),
  5. Vaqti (salamning eng kam muddati 1 oy),
  6. To‘lanadigan pulning miqdori (bitim o‘z kuchida qolishi uchun mahsulot sotmoqchi bo‘lgan odam pulni oldindan olishi kerak),
  7. Mahsulotni tashish xarajatli bo‘lsa, mahsulotni qayerga yetkazib berish joyi ma’lum bo‘lishi lozim (“Fathu babil inaya” va “Al-Muxtor” kitoblari).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar