Bismillah Assalomu alaykum. Savolim shundaki yaqinda baxtsiz hodisa sababli akamdan ayrildik 2oylar bo'ldi. Qabrlari ustiga kichik tosh qo'yib, qabrlarini ustini loy bilan shuvab, atrofini o'rab qo'ymoqchi edik. Yaqinda kuz qish yomg'ir qor fasli kuchli yomg'ir sabab qabrning usti yoyilib ezilib ketmasligi uchun. Ammo ko'p kishi hali yili bo'lmaguncha qabrga tegib bo'lmaydi deyildi. Shu to'g'rimi yilli o'tmaguncha qabrga tegilmaydimi?
Mayyitning yili o‘tmaguncha qabrga tegib bo‘lmaydi, degan gap shariatda asosga ega emas. Shariatdagi asosiy talab – qabrni ziynatlamaslik, bu borada dabdaba qilmaslik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qabrni bo‘r (gips, ohak) bilan suvashni, ustiga bino qurishni man qilganlar. Bundan maqsad – qabrlarni sodda va tabiiy holda saqlab, molni behuda sarflamaslikdir. Biroq, zarurat yuzasidan, masalan, siz aytgandek, yomg‘ir-qor suvlari yuvib ketmasligi uchun qabr ustini oddiy loy bilan suvashga ba’zi ulamolar, jumladan Imom Shofe’iy ruxsat berganlar. Shuningdek, qabrning o‘rni bilinib turishi, yo‘qolib ketmasligi uchun bosh tomoniga oddiy belgi toshini qo‘yish mumkinligi hadislarda istisno qilingan. Demak, sizning niyatingiz qabrni ziynatlash emas, balki uni tashqi ta’sirlardan asrash ekan, qabr ustini loy bilan tekislab, belgi uchun kichik tosh qo‘yishingiz mumkin. Ammo atrofini panjara bilan o‘rashingiz durust emas.