Junub bo‘lgan odam operatsiya tufayli tahorat olishga qodir lekin vaqtinchalik g‘usl qila olmaydi. Shu odam tayammum qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi yoki tayammumni o‘zi bilan ham barcha ibodatlarni qilsa bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Junub bo‘lgan kishi suv topa olmasa yoki suv ishlatishga qodir bo‘lmasa, tayammum qilib namozlarini vaqtida o‘qiydi. Bunga quyidagi oyat dalil bo‘ladi. Alloh taolo aytadi:
وَإِنْ كُنْتُمْ مَرْضَى أَوْ عَلَى سَفَرٍ أَوْ جَاءَ أَحَدٌ مِنْكُمْ مِنَ الْغَائِطِ أَوْ لَامَسْتُمُ النِّسَاءَ فَلَمْ تَجِدُوا مَاءً فَتَيَمَّمُوا صَعِيدًا طَيِّبًا فَامْسَحُوا بِوُجُوهِكُمْ وَأَيْدِيكُمْ مِنْهُ مَا يُرِيدُ اللَّهُ لِيَجْعَلَ عَلَيْكُمْ مِنْ حَرَجٍ وَلَكِنْ يُرِيدُ لِيُطَهِّرَكُمْ وَلِيُتِمَّ نِعْمَتَهُ عَلَيْكُمْ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ
“Agar junub bo‘lsangiz, obdon poklaningiz (cho‘milingiz)! Agar bemor yoki safarda bo‘lsangiz yoki sizlardan biror kishi hojatxonadan (chiqib) kelsa, yoxud xotinlaringiz bilan surkalishgan (qovushgan) bo‘lsangiz-u, (lekin) suv topmasangiz, pok tuproqqa tayammum qilib, undan yuzlaringiz va qo‘llaringizga surting! Alloh sizlarga biror qiyinchilik (paydo) qilishni ravo ko‘rmaydi, aksincha, sizlarni poklash va ne’mat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, zora shukr qilsangiz”. (Moida surasi, 6-oyat).
Junub faqat tahoratga yetadigan suvga ega bo‘lsa, tayammum qiladi. Agar kishining kasalligi og‘ir bo‘lib, suv bilan tahorat yoki g‘usl qilgan taqdirda tanasiga zarar yetsa, kasali tuzalishi cho‘zilib ketsa, bunday kishilar tahorat va g‘usl o‘rniga tayammum qilishlari mumkin. Faqat bunda oddiy bemorlik emas, balki haqiqatan suv ishlatsa zarar yetadigan bemorlik bo‘lishi kerak. Buni odatga ko‘ra, bandaning o‘zi biladi yoki mohir tabib ma’lumotiga ko‘ra aniqlanadi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.