Juma namozini o‘qiy olmagan kishi uni qazosini o‘qiydimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Juma namozini o‘qiy olmagan kishi uni qazosini o‘qimaydi, balki uni o‘rniga peshin namozini o‘qiydi. Agar juma namoziga uzrsiz chiqmagan bo‘lsa, qattiq gunohkor bo‘ladi. Juma namoziga bormaslik uchun quyidagi narsalar uzr hisoblanadi: Juma namoziga chiqa olmaydigan darajadagi kasallik, ko‘zi ojizlik va musofir bo‘lish. Bunday uzrlar topilmasdan turib, juma namoziga chiqmagan kishining oqibati juda yomon bo‘lishi haqida hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
مَن ترَكَ الجمعةَ ثلاثَ مرَّاتٍ تهاونًا بها، طبَعَ اللهُ على قلْبِه (رواه الإمام الترمذي عن أبي الجعد الضمري رَضِيَ الله عَنْهُ)
ya’ni: “Kim juma namozini beparvo bo‘lib uch marta tark etsa, Alloh taolo uning qalbini muhrlab qo‘yadi” (Imom Termiziy rivoyati).
Imom Doramiy ushbu hadisni “Kim juma namozini beparvo bo‘lib tark etsa, Alloh taolo uning qalbini muhrlab qo‘yadi” deb “uch marta” kalimalarisiz rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifdagi “qalbini muhrlab qo‘yadi” degan jumlani ulamolarimiz: “Qalbi yaxshi va savobli ishlarga moyil bo‘lishi qiyinlashadi”, — deb sharh qilganlar.
Shunday ekan, shar’iy uzr bo‘lmagan paytda albatta juma namoziga borishimiz zarur va farz bo‘ladi. Mabodo, shar’iy uzrsiz juma namoziga bormagan bo‘lsak, tezlik bilan tavba qilib, bu gunohni qayta qilmaslikni qasd qilishimiz kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.