Juma namoziga borganimizda havo issiq bo‘lganligi uchun ba’zi odamlar saflarni to‘ldirishga e’tibor bermay, soya joylardan turib iqtido qilishadi. Orada ochiq joylar qolganligidan ularning namozlari to‘g‘ri bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Namozda saflarni to‘ldirish, tekis qilish va orada ochiq joylar qoldirmaslik borasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan juda ko‘p hadislar vorid bo‘lgan. SHuning uchun namozxonlar saflarni to‘ldirish, tekis qilishga alohida e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. Ammo, saflarni to‘ldirish va tekisligiga e’tiborsizlik qilib namozlarini ado qilsalar, garchi namoz ado bo‘lsada, Ibn Obidiyn rohimahullohning “Roddul Muhtor”da keltirishlaricha tahriman (haromga yaqin) makruh bo‘ladi. Bu o‘rinda havoning issiq yoki sovuq bo‘lishi va shu sabab namozxonlar soya joylarga o‘tib olishi uzr hisoblanmaydi. Balki mashaqqat ziyoda bo‘lishi beriladigan ajrning ham ziyoda ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
و كذا الصعود علي سطح كل مسجد مكروه، و لهذا إذا اشتد الحر يكره أن يصلوا بجماعة فوق السطح، إلا إذا ضاق المسجد فحينئذٍ لايكره الصعود على سطحه للضرورة، و أما شدة الحر فلأنها لاتوجب الضرورة و إنما يحصل به زيادة المشقة و بها يزداد الأجر
SHuningdek, zaruratsiz masjid tomida namoz o‘qishlik makruhdir.
SHuning uchun qattiq issiq bo‘lgan vaqt masjid tomida jamoat bilan namoz o‘qishlik makruhdir. Ammo, masjid torlik qilib tomga chiqishlikning zarari yo‘q. Issiqning o‘zi zaruratni keltirib chiqarmaydi. Issiq sababli mashaqqat ortadi bu esa ajrni ziyoda bo‘lishligiga sabab bo‘ladi (Fatovo Hindiya 5-jild 322 bet. Nisobul ihtisob 32 bet).
SHuni ham yodda tutish lozim: Ushbu holat masjid hududidan tashqarida bo‘lsa, iqtido durust bo‘lmaydi. CHunki iqtido durust bo‘lishi uchun imom va muqtadiyning makoni bir bo‘lishi, ya’ni turgan joyi bir bo‘lishi shartdir. SHuni eslatib o‘tish kerakki, Masjid sahni va hovlisi masjid hududi hisoblanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.