Ba’zi odamlarda "Juma kuni arvohlar haj safariga ketadi, shu uchun namozlardan keyin tilovat qilinmaydi. Agar tilovat qilinsa savobi dasturxon bo‘lib boradi va arvohlar Haj safariga bora olishmaydi" degan tushuncha paydo bo‘lgan. Iltimos shunga biror raddiya bersangizlar!
Bismillahir rohmanir rohiym.
O‘lganlar haj safariga bormaydi. Inson vafot etishi bilan uning amali to‘xtaydi. Qabr u uchun jannatning bir bog‘chasi yoki do‘zaxning bir chohi (Alloh asrasin) bo‘ladi. U tiriklarning duo, sadaqa va solih amallaridan manfaat topishi, rohatlanishi bor. O‘zining tiriklik vaqtida qilib ketgan sadaqai-joriyalaridan ham to‘xtovsiz savoblar borib turadi. Ruhlar haqidagi ilm — g‘ayb ilmi sanaladi. Bu haqidagi ma’lumotlarni Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda zikr qilinganidan nariga o‘tilmaydi, aks holda savolda so‘ralgani kabi turli asossiz va buzuq aqidalar shakillanib qoladi.
Ruhlar to‘g‘risida bizgacha yetib kelgan hadisi shariflardan umumiy xulosa quyidagicha: Qabrlari bir-biridan uzoq yoki yaqin bo‘lishidan qat’iy nazar, mayyitlarning ruhlari o‘zaro ziyoratlashib turadilar. Bu xususida hadislar vorid bo‘lgan. Tiriklarning qilib yurgan yaxshi-yomon ishlari vafot etgan yaqinlariga ko‘rsatib turiladi. Tiriklarning qilayotgan amallari Alloh taologa farishtalar orqali dushanba va payshanba kuni, payg‘ambarlarga juma kuni ko‘rsatiladi.
Dafn etilgan marhum va marhumalarning ruhlari jasadlari bilan aloqadordir. Ularning o‘zaro bog‘liqligi uyqudagi odamning ruhi bilan bo‘ladigan aloqasidan ham kuchliroqdir. Mo‘minlarning ham, kofirlarning ham ruhlari jasadlari huzurida, qabriston hududida bo‘lib turishlari to‘g‘risida rivoyatlar bor. Shuningdek, ba’zi solih kishilarga marhumlarning vafot etganlaridan keyingi kechirgan holatlari ayon qilingan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.