Uyimiz tuman markazida bo‘lgani uchun to‘rtta masjiddan muazzin azon chaqirganda oz-oz vaqt farqi bilan tiniq eshitiladi. Bu holatda muazzinga qanday ergashib qaytarib turish kerak va azon duosi qanday o‘qiladi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Azonga (past ovozda) javob qaytarish mustahabdir. Eshituvchi xoh erkak, xoh ayol, xoh pok, xoh junub bo‘lsin farqi yo‘q. Ba’zi ulamolar azonga javob qaytarishni vojib deydilar.
Azonga javob qaytarish — muazzin aytgan kalimalarni qaytarib turishdir.
"Hayya alas-solah" va "hayya alal falah" kalimalari aytilganda "La havla va la quvvata illa billah", deyiladi. "As-solatu xoyrum minan navm" deganda "Sodaqta va barorta", deyiladi. "Hayya alal falah" deganda, eshituvchi "Maa shaa Allohu kaana va maalam yasha’ lam yakun", deyishi ham fiqh kitoblarida aytilgan. Azondan keyin Payg‘ambarimiz alayhissalomga salovat aytib, azon duosini o‘qiydi.
Ba’zi ulamolar azonga javob berish faqat til bilan emas, balki masjidga borib namoz o‘qish bilan bo‘ladi, deganlar.
Bir nechta azon eshitilsa, birinchi eshitilganiga javob beriladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.