Joy namoz tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Islomning arkoni bo‘lmish namozda "xushu xuzu’" katta ahamiyatga egadir. Juda ko‘pchilikda uchraydigan holatlardan biri namoz payti xayolning parishon bo‘lishidir. Buning natijasida hatto ba’zilar namozni buzib ham qo‘yadi. Xayolimizning sochilishiga turli tashqi va ichki omillar sabab bo‘ladi. Shulardan biri turli rangli va naqshli joynamozlardir. Bunday ish Rasululloh sollolohu alayhi vasallam bilan ham sodir bo‘lgan:
أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- صَلَّى فِى خَمِيصَةٍ لَهَا أَعْلاَمٌ فَقَالَ : " شَغَلَتْنِى أَعْلاَمُ هَذِهِ الْخَمِيصَةِ ، اذْهَبُوا بِهَا إِلَى أَبِى جَهْمٍ وَأْتُونِى بِأَنْبِجَانِيَّتِهِ " (رَوَاهُ الامام الْبُخَارِىُّ وَمُسْلِمٌ عَن عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا)
ya’ni: "Rasululloh sallollohu alayhi vasallam alomatlari bor xomiysada namoz o‘qidilar va: "Buning belgilari meni mashg‘ul qilib qo‘ydi. Uni Abu Jahmga olib borib beringlar va menga uning anbijoniyatini olib kelinglar", dedilar.
"Xomiysa" rangli va alomatli yopinchiqqa o‘xshash kiyim. "Abu Jahm" mashhur sahobiylardan bo‘lib, Omir ibn Huzayfa al Qurashiydir. U kishi Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga "xomiysa"ni hadya qilgan edi. (Hadis va hayot 5-juz).
Namoz mo‘minning me’rojidir. Kishi namozda turganda o‘zini olamlar Rabbisining huzurida turganini his qilsagina namozni mukammal ado qilgan bo‘ladi. Bunda bevosita joynamozning ham ta’siri bor bo‘lib, u agar oddiy bir xil rangda bo‘lsa, namozda chalg‘imasligimizga xayolimiz sochilmasligiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan imkon qadar joynamoz tanlashda rangi bir xil turli naqshlardan holi bo‘lganini tanlaganimiz ma’qul. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.