"JORIYA HADISI"NI QANDAY TUSHUNAMIZ?

ID: 653

04.04.2025

126

Savol:

Bir o‘rtog‘im bilan bahslashib qoldim. Uning aytishicha Payg‘ambarimiz alayhissalom bir ayolga "Alloh qayerda?", deb so‘raganlarida u "Alloh osmonda", degan ekan. Men "Bu hadisni ilmli kishilardan so‘rab olish kerak, Alloh osmonda deb bo‘lmasligini eshitgan edim", dedim. Savolim shuki, shunaqa hadis bormi? Agar bo‘lsa, uni qanday tushuniladi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Muoviya ibn al-Hakam as-Sulamiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘z joriyalari haqida so‘rab: Ey Allohning Rasuli uni ozod qilaymi?, dedim, dedilar. U zot: “Uni (huzurimga) olib kel”, dedilar. Bas, uni u zotga olib keldim. U zot unga qarata: “Alloh qayerda?” dedilar. U: Osmonda dedi. U zot: “Men kimman?” dedilar. U: “Siz Allohning rasulisiz”, dedi. U zot: “Uni ozod qil, u mo‘minadir”, dedilar”.

“Joriya hadisi” nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu hadisi sharifni ilmiy omonatdorlik ila o‘rganib chiqsak, ularning da’volari puch ekani ma’lum bo‘ladi.

  • Birinchidan: Ushbu hadis matni roviylar tomonidan turli farqlar bilan rivoyat qilingan. Buni birinchilardan bo‘lib, Imom Bazzor va Imom Bayhaqiy kabi buyuk muhaddislar aytib, undan  ogohlantirganlar. Chunki matnida turli o‘zgarishlar bilan rivoyat qilingan bunday hadisni “muztarib” hadis deyilib, uni biror masalada hujjat qilib keltirib bo‘lmaydi. Chunki boshqa rivoyatlar o‘sha cho‘rining kimligi, xojasining ismi va boshqa jihatlarida katta farqlar bilan naql qilingan.

  • Ikkinchidan: Aynan salafiylar dalil qiladigan lafz ham to‘rtta sahih manbada to‘rt xil zikr qilingan. Imom Ahmadning rivoyatida yuqoridagi Payg‘ambarimiz alayhissalomning “Alloh qayerda?”, degan savollari o‘rnida o‘sha cho‘riga qarata: “Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekaniga guvohlik berasanmi?”, deganlari zikr qilingan (Alloma Nuruddin al-Haysamiy “Majmauz zavoid”da sahih ekanini ta’kidlagan).

Imom Nasoiyning rivoyatida esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Robbing kim?”, deganlari, u: “Alloh” deb javob bergani, rivoyat qilingan.

Imom Molik Muvattoda Ubaydulloh ibn Abdulloh r.a.dan sahih sanad bilan keltirilgan boshqa rivoyatda ham: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u cho‘riga:

أَتَشْهَدِينَ أنْ لَا إلـٰهَ إلَّا الله؟

“Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekaniga guvohlik berasanmi?”, deganlar.

Ahli sunna ulamolari ushbu rivoyatlardan eng mo‘tabari “Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekaniga guvohlik berasanmi?”, degan rivoyatdir. Chunki kishining mo‘min ekanini aniqlash Allohning qayerdaligini so‘rash bilan emas, balki U Zotning vahdoniyatiga imon keltirganini so‘rash bilan aniqlanishi ma’lum va mashhur. Agar “Alloh osmonda” degan so‘z iymonga dalil bo‘lsa, bugungi kunda Xudo osmonda deb e’tiqod qiladigan g‘ayridinlarni ham musulmonlar deyilishi lozim bo‘lib qoladi.

  • Uchinchidan: “Alloh qayerda?” degan savolning ma’nosi, Alloh taoloning ulug‘vorligi, oliyligi va qadrining buyukligi to‘g‘risida e’tiqoding qanday?, deb tushunish ham mumkin. Chunki arab tilida (hatto o‘zimizning ona tilimizda ham) ba’zan “qayerda?” degan savol “mavqei, martaba, qadr-qimmat” to‘g‘risidagi savol uchun ham ishlatiladi. Masalan: “Tuproq qaydayu, yulduz qayda?!” deyiladi. Ya’ni, bu bilan yulduzning mavqe’i tuproqdan ancha baland ekani nazarda tutiladi. Ikki shaxs o‘rtasidagi farqiga “Ikkisini o‘rtasida yer bilan osmonchalik farq bor”, deyiladi. Bu bilan mavqei, qadr qimmat nazarda tutiladi. Hargiz bunda makon, joylashilgan o‘rin nazarda tutilmaydi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biz – Ahli sunna val-jamoa Alloh taolo haqida shunday e’tiqod qilamiz: Alloh taolo biror tarafda ham, biror makonda ham emas. Unga vaqt ham zamon ham joriy bo‘lmaydi. Agar ko‘nglimizga “Alloh qayerda” degan savol keladigan bo‘lsa, iymon va ixlos bilan: “Biror makon bo‘lmagan paytda ham U zot bo‘lgan. Keyin makonlarni paydo qilgan, zamonlarni joriy qilgan. U zot zamonlar makonlar yo‘q paytda qanday bo‘lsa, hozir ham o‘shandadir”,- deymiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar