Bizning viloyatda uy qurib bitkazilganidan so‘ng, ana o‘sha bitgan imorat tepasidan bororta jonliqni so‘yib, uning qonini oqizish udumi bor. Shunga o‘xshash, jonliq qonini oqizish kabi ishlar aslida dinimizda bormi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Shariatimizda yangi olingan buyumga “qon surtish” yoki yangi qurilgan imorat ustidan “qon oqizish” yo‘q. Bu xurofot ish bo‘lib, buning hech qanday shar’iy asosi mavjud emas. Mo‘min-musulmon insonning har bir ishi Qur’oni karimga va Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning muborak sunnatlariga muvofiq bo‘lishi darkor. Ushbu ikki manbaga zid kelgan har qanday e’tiqod yoki urf-odat rad etiladi. Buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan hidisi sharifda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizning bu ishimiz(ya’ni, dinimiz)da undan bo‘lmagan narsani yangitdan paydo qilsa, u rad etilgandir”, – deganlar”.
Qolaversa, qon shariatimizga ko‘ra najosat hisoblanadi. U bor joyda jinlar to‘planadi. Savolda so‘ralganidek, yangi qurilgan imorat tepasidan bororta jonliqni so‘yib, uning qonini oqizish sababidan uy egalariga jinlar tomonidan ziyon yetish xavfi ham paydo bo‘ladi. Shuning uchun bu kabi xurofotlardan saqlanish lozim. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.