Biz tadbirkorlarga konsalting xizmati ko‘rsatamiz. Shunda ishlash va haq olishimiz mumkinmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Albatta, xizmat ko‘rsatib evaziga haq olish joiz. Bu haqida fiqhiy kitoblarimizdan “Muxtasarul viqoya”ning “Ijara”kitobida quyidagicha keltiriladi:
هي بيع نفع معلوم بعوض كذا دين او عين
“Ijara – ma’lum manfaatni zimmadagi yoki muayyan shuncha evazga sotishdir”.
Konsalting (maslahat berish) xizmatidan asosan biznes jarayonlarda foydalaniladi. Masalan tadbirkorga faoliyati davomida yangi g‘oyalar kerak bo‘lgan, tajriba va malakaga ehtiyoj sezgan hamda kompaniya o‘z loyihalarini yakuniga yetkazishda yordamga muhtoj bo‘lish kabi bir qancha hollarda konsalting xizmatlaridan foydalaniladi. Eslatma tarzda shuni aytamizki, bunda xizmat ko‘rsatuvchi ekspertlar mijozlarni aldash, ularning tajriba va malakasini ozligidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmasliklari shart. Chunki, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
من غش فليس منا
“Kim aldasa bizdan emas”, deganlar.(Imom Termiziy) Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.