Chaqaloq xatna qilingan holida tug‘ilsa, uni yana xatna qilish shartmi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Bolalarning xatna holida tug‘ilishi voqelikda uchrab turadi. Xatna sunnat amal bo‘lib, islom shiorlaridan biridir.
Bir qarashda bu bola xatna qilingan ekan, deydigan holatda tug‘ilgan bo‘lsa, uni xatna qilinmaydi. Lekin go‘dak jinsiy a’zosining bosh qismini o‘rab turadigan ortiqcha terisi bo‘lsa, uni kesiladi. Bu haqida fiqhiy manbalarimizda shunday deyiladi:
( صَبِيٌّ حَشَفَتُهُ ظَاهِرَةٌ بِحَيْثُ لَوْ رَآهُ إنْسَانٌ ظَنَّهُ مَخْتُونًا وَلَا يُقْطَعُ جِلْدَةُ ذَكَرِهِ إلَّا بِتَشْدِيدٍ تُرِكَ كَشَيْخٍ أَسْلَمَ وَقَالَ أَهْلُ النَّظَرِ لَا يُطِيقُ الْخِتَانَ ) لِأَنَّ قَطْعَ جِلْدَةِ ذَكَرِهِ لِتَنْكَشِفَ الْحَشَفَةُ فَإِنْ كَانَتْ الْحَشَفَةُ ظَاهِرَةً فَلَا حَاجَةَ إلَى الْقَطْعِ ، وَإِنْ كَانَتْ تُوَارِي الْحَشَفَةَ يُقْطَعُ الْفَضْلُ
“Go‘dak jinsiy a’zosining bosh qismini ko‘rgan odam bu xatna qilingan ekan, deydigan darajada ko‘rinib tursa, uni xatna qilinmaydi. Yana xatna qilish qattiq og‘riq bilan kechadigan bo‘lsa ham, uni tark qilinadi. Masalan yoshi keksa kishi musulmon bo‘lsa va biladiganlar bu kishi xatnani ko‘tara olmaydi deyishsa, xatna tark qilinadi” (“Kanzud daqoiq” kitobi).
“Chunki xatna go‘dak jinsiy a’zosining bosh qismi ochilib turishi uchundir. Agar a’zoning bosh qismi tug‘ma ochiq bo‘lsa, uni xatna qilishga hojat yo‘q. Bosh qismini teri yopib turgan bo‘lsa, o‘sha ortiqcha qism xatna qilinadi (kesiladi)” (“Tabyinul haqoiq” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.