Namoz o‘qib turgan paytda yong‘in chiqib ketsa, yong‘inni zudlik bilan o‘chirish uchun namozni buzish mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Namoz o‘qiguvchini yoki boshqa shaxsni joni yoki moliga aniq xatar yetadigan vaziyatlarda shariatimiz namozni buzishga ruxsat beradi. Bu haqida "Muxtasar fil fiqhil hanafiy" kitobida shunday deyilgan:
يباح قطع الصلاة إذا خاف ضياع شيء قيمته درهم أو أكثر
ya’ni: "Qiymati bir dirham (taqriban 0,425 gramm tillaning qiymati) yoki undan ko‘proq narsa halokatga uchrashidan xavf qilingan paytda namozni buzishga ruxsat beriladi".
Demak, savolda so‘ralgan holatda ham namozni buzishga ruxsat beriladi va holat barqaror bo‘lgandan keyin buzilgan namozni qayta o‘qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.