Er xotinning yotoqdagi haqqini ado qilish uchun yordam beradigan halol “sprey” va “gel”lardan foydalanish mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Alloh taolo insonni yaratib, uning tabiatiga ikki xil quvvatni joyladi. Birinchisi ibodat, ya’ni solih amallarga bo‘lgan quvvat bo‘lsa, ikkinchisi shahvoniy quvvatdir. Agar inson solih amallarda bardavom bo‘lib, gunohlardan saqlansa, farishtalarga xos quvvati kuchayib, maqomi farishtalardanda yuqori bo‘ladi. Insonni yaratilishidan maqsad ham mana shu quvvatini rivojlantirish va Alloh taologa bo‘lgan ibodat va itoatini izhor qilishdir. Shuning uchun ham Alloh taolo O‘z kitobida:
وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنْسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ
“Jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”. (Zoriyot surasi 56-oyat).
Shahvoniy quvvatni berilishidan maqsad esa, erkak va ayol nikoh asosida bir-birlari bilan yaqin munosabatda bo‘lish, qarindoshchilik rishtalarini bog‘lash hamda o‘zlaridan nasl qoldirish uchundir. Buning uchun Alloh taolo erkakka ham ayolga ham tabiiy mayl, bir biriga bo‘lgan rag‘bat hamda fitriy quvvat ato qilgan. Shuning uchun odatda er xotin jinsiy ehtiyojlarini ana o‘sha tabiiy quvvat asosida amalga oshiradilar. Ammo, turli sabablar tufayli erkakdagi tabiiy quvvat zaiflashib, ayolning jinsiy haqqini ado qilishiga nuqson yetsa, erkaklik quvvatini mo‘tadillashtiruvchi, tarkibida harom narsalar aralashmagan dori vositalaridan foydalanish joiz bo‘ladi. Shuni alohida eslatib o‘tamizki, bu borada albatta, soha mutaxassislari bilan maslahatlashib ish tutish maqsadga muvofiqdir.
Lekin har ishda mo‘’tadillik yaxshi. Ya’ni erkaklik quvvati mo‘’tadil bo‘lsa ham, qo‘liga tushgan dorini ichib, gellardan foydalanib shahvoniy hirsni oshirish maqsadga muvofiq emas. Chunki katta ehtimol bilan bu dorilarni ichish sababli unga o‘rganib qolish yoki boshqa zararlar kelib chiqishi mumkin. Buning ustiga shariat insonni shahvatidan ustun bo‘lishga targ‘ib qiladi, unga qul bo‘lishga emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.