JINSINI O‘ZGARTIRGAN DINSIZNING ISLOMNI QABUL QILGANDAN KEYINGI HUKMI

ID: 155

04.04.2025

126

Savol:

Islomni qabul qilmagan odam, ateist, o‘z jinsini o‘zgartirdi. Keyin Alloh hidoyat berib Islomni qabul qildi. Shu muslim yoki muslima Islomdan avvalgi jinsiga qaytishi kerakmi yoki Islomdagi jinsida qolgani ma’qulmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ma’lumki, islom o‘zidan oldingi barcha gunohlarni kechirilishi va mag‘firat qilinishiga sabab bo‘ladi. Bu borada judayam ko‘p oyati karima va hadisi shariflarda bayon etilgan bo‘lib, jumladan: Alloh taolo Anfol surasining 38-oyatida shunday marhamat qiladi:

قُلْ لِلَّذِينَ كَفَرُوا إِنْ يَنْتَهُوا يُغْفَرْ لَهُمْ مَا قَدْ سَلَفَ وَإِنْ يَعُودُوا فَقَدْ مَضَتْ سُنَّةُ الْأَوَّلِينَ (38)

“Kofir bo‘lganlarga ayting, agar (kufrdan) to‘xtasalar, o‘tmish (gunoh)lari kechirilur bordiyu (kufrga) qaytsalar, (unda) oldingilarning yo‘li (ibrat sifatida) o‘tgan”. Anfol 38-oyat.

Shuningdek Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida bu borada shunday bayon qilganlar:

قد ثبت في الصحيح عن عمرو بن العاص أن النبي صلى الله عليه و سلم قال له "يا عمرو أما علمت أن الإسلام يهدم ما كان قبله و أن التوبة تهدم ما كان قبلها"

Amr ibn Osdan rivoyat qilingan sahih hadisda Payg‘ambar alayhissalom unga dedilar: “Ey, Amr, Islom o‘zidan oldingi barcha gunohlarni yo‘q qilib yuborishi va tavba ham o‘zidan oldingi barcha gunohlarni yo‘q qilishini bilmasmiding?” Ahmad va Muslim rivoyati.

Mazkur oyati karima va hadisi shariflarga ko‘ra, yuqoridagi ateist yoki dahriy bo‘lgan kimsa islomni qabul qilishi bilan uning barcha gunohlari, jumladan o‘z jinsini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lgan katta gunohi ham in sha Alloh mag‘firat qilinadi va mazkur shaxsga bundan keyin agar imkoni bo‘lsa, yana o‘zining asl Alloh yaratgan jinsiga tibbiy jarrohlik yo‘li bilan qaytishi lozim bo‘ladi. Chunki birinchidan bugungi rivojlangan tibbiyotda bu ish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ikkinchidan esa, islom dini ta’limotlariga ko‘ra, Alloh taoloning xilqatini o‘zgartib bo‘lmaydi va bu dinimizda katta gunohi kabiralardan biri hisoblanadi. Bu borada Alloh taolo o‘z kalomida shunday degan:

فَأَقِمْ وَجْهَكَ لِلدِّينِ حَنِيفًا فِطْرَةَ اللَّهِ الَّتِي فَطَرَ النَّاسَ عَلَيْهَا لَا تَبْدِيلَ لِخَلْقِ اللَّهِ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لَا يَعْلَمُونَ (30)

"Bas, (Ey, Muhammad,) yuzingiz (o‘zingiz)ni doimo to‘g‘ri bo‘lgan dinda (islomda) tuting! Insonlarni o‘sha asosda yaratgan allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) allohning yaratishiga o‘zgartirish yo‘q. Eng to‘g‘ri din shudir, lekin ko‘p odamlar bilmaslar". Rum 30-oyat.

Shuning uchun ham mazkur shaxsga agar o‘zining asl holatiga qaytishni imkoni bo‘lsa va bu ish uning salomatligiga jiddiy zarar keltirmasa, yana asl holiga qaytishi lozim bo‘ladi. Ammo, agar mazkur holatda, uning yana asliga qaytish imkoni bo‘lmasa, yoki salomatligiga jiddiy zarar keltiradigan bo‘lsa, u holda o‘z jinsini o‘zgartirmasada, aslida qaysi jins vakili bo‘lgan bo‘lsa, unga mazkur jins vakillariga tegishli ahkomlar joriy qilinadi. Ya’ni masalan: aslida u inson erkak bo‘lgan bo‘lsa va o‘z jinsini o‘zgartirib ayolga aylangan bo‘lsa ham uning ayollar bilan muloqot qilishi nojoiz sanaladi va ayollar bilan namozda bir safda tura olmaydi zero u erkak hisoblanadi. Yoki aksincha, asli ayol qilib yaratilgan bo‘lsayu, o‘z jinsini erkak jinsiga o‘zgartirgan bo‘lsa ham mazkur shaxs ayolligicha qolaveradi va unga erkaklar bilan muloqot qilishi joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar