Inson erkakdan ayolga yoki aksincha, ayoldan erkakka jinsini o‘zgartirishga Islom dini qanday munosabat bildiradi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Hech bir kishi kim bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z jinsini erkakdan ayollikka yoxud ayoldan erkaklikka o‘zgartirishga, Alloh yaratgan xilqatini o‘zgartirishga haqqi yo‘qdir. Balki, har bir inson Alloh taolo o‘zini yaratgan xilqatga rozi bo‘lishi lozimdir. Hozirgi kunda ba’zi fitrati buzuq kimsalar tomonidan turli vajlarni bahona qilib, o‘z jinslarini o‘zgartirishga urinishlari – Islom shariatida qat’iyyan harom qilingan jirkanch bir ishdir. Qolaversa, u nafaqat ushbu odat avj olayotgan millat va xalqning, balki, insoniyatning sha’niga isnoddir.
Payg‘ambarimiz davrlarida ba’zi ayollar Alloh yo‘lida jihod qilishni istab, erkak kishi bo‘lishlarini orzu qiladilar. Shunda Alloh taolo ushbu holatdan ogohlantirib, quyidagi oyatni nozil qiladi: “Alloh biringizni biringizdan biror ne’mat bilan ortiq qilib qo‘ygan bo‘lsa, sizlar uni orzu qilmang! Erkaklar ham o‘z kasblaridan ulush olurlar, ayollar ham o‘z kasblaridan ulush olurlar. Allohning fazlidan so‘rangiz. Albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir” (Niso surasi, 32-oyat).
Ushbu oyati karima orqali ba’zi ayollarning Alloh yo‘lida jiddu-jahd qilish umidida o‘zlarini erkak bo‘lishlarini orzu qilishdan qaytarilmoqda. Vaholanki, bu o‘sha paytdagi bir orzuning o‘zi xalos edi. Agar ushbu orzu nafsu havo yo‘lida harakatga aylansa yoki amalda ushbu ishga qo‘l urilsa, bundan batariqa avlo qaytarilgani kelib chiqadi.
Islom ulamolari bir og‘izdan: “Erkaklik va ayollik a’zolari to‘liq bo‘lgan shaxslarni bir jinsdan ikkinchi jinsga aylantirish mutlaqo mumkin emas. Bunday ishni qilishga urinishning o‘zi uqubatga loyiq jinoyatdir”, deydilar. Chunki bu, Alloh yaratgan narsani o‘zgartirishga urinishdir. Shayton insonlarga Alloh taolo yaratgan narsalarni o‘zgartirishga buyuradi. Alloh taolo Qur’oni karimda bu haqda shunday deydi:
لَعَنَهُ اللَّهُ وَقَالَ لَأَتَّخِذَنَّ مِنْ عِبَادِكَ نَصِيبًا مَفْرُوضًا وَلَأُضِلَّنَّهُمْ وَلَأُمَنِّيَنَّهُمْ وَلَآَمُرَنَّهُمْ فَلَيُبَتِّكُنَّ آَذَانَ الْأَنْعَامِ وَلَآَمُرَنَّهُمْ فَلَيُغَيِّرُنَّ خَلْقَ اللَّهِ وَمَنْ يَتَّخِذِ الشَّيْطَانَ وَلِيًّا مِنْ دُونِ اللَّهِ فَقَدْ خَسِرَ خُسْرَانًا مُبِينًا
“Alloh uni (shaytonni) la’natladi. (U) dedi: «Albatta, bandalaringdan belgilangan (ma’lum) ulushimni olurman, ularni adashtiraman, ularni hoyu havasga cho‘ktiraman. Ularga buyuraman – hayvonlarning quloqlarini kesadilar. Ularga buyuraman – Allohning yaratganlarini o‘zgartiradilar». Kimki Allohni qo‘yib, shaytonni do‘st tutsa (uning aytganlarini bajarsa), demak, u aniq ziyon qilibdi” (Niso surasi, 118-119 oyatlar).
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
يلعن المتنمصات والمتفلجات والموشمات اللاتي يغيرن خلق الله. (رواه الامام احمد)
ya’ni: “Payg‘ambarimiz alayhissalom qosh terdiruvchi, tishlarini orasini ochuvchi, badaniga igna bilan rasm chizdiruvchi; Allohning yaratganini o‘zgartiruvchi ayollarni la’natlaganlar” (Imom Ahmad rivoyatlari).
La’nat bu – Allohning rahmatidan mahrum bo‘lishdir. Alloh taolo la’natlagan kimsani farishtalar ham la’natlaydilar. Alloh la’natlagan bandaga ikki dunyoda ham “qalbining tozaligi” yordam bera olmaydi.
Agar biror shaxsda ayollik va erkaklik alomatlari jamlanib qolgan bo‘lsa, buning hukmi o‘zgachadir. Bunda uning g‘olib tarafiga qaraladi. Ya’ni, kimda erkaklik g‘olib bo‘lsa, uni tibbiy yo‘l ila davolab erkakligiga yetgan shubhani yo‘qotish joiz bo‘ladi. Kimda ayollik g‘olib bo‘lsa, uni tibbiy yo‘l ila davolab ayolligiga yetgan shubhani yo‘qotish joiz bo‘ladi. Bu narsa bemorlik deb e’tiborga olinadi va jarrohlik yo‘li bilan bo‘ladimi yoki gormonlar bilan bo‘ladimi davolanishga ruxsat beriladi.
Lekin hech qanday jismoniy kasallikka uchramagan holda jins o‘zgartirish buzuqlik va yerda fasodni tarqatish hisoblanadi va bundaylarga Alloh taoloning la’nati bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.