Hozirgi kunda ko‘p uchraydigan keshbek foiz, foiz olish durustmi? Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Keshbek foiz, foiz shariatimizda harom degan gap noto‘g‘ri. Chunki foiz so‘zi moliya sohasiga oid atama bo‘lib, ulush, hissa, qism degan ma’nolarni anglatadi. Foiz atamasini juda ko‘p o‘rinlarda ishlatamiz. Masalan, “zakotga qodir inson qo‘lidagi molining 2,5 foizini faqirlarga beradi”, deymiz. Bu degani qo‘lidagi molini qirqdan bir ulushini yoki qismini beradi, degani bo‘ladi. Yoki ikki kishi savdo qilamiz, deb pul tikishdi. Foydani masalan, 50 foizdan, ya’ni 50/50 olamiz, deb kelishadi. Bu kelishuv mumkin emas, deyilmaydi. Yana bir misol: meros taqsimlashda ham mayyitdan qolgan mol mulkni taqsimlashda kimdir 20 foizini, yana kimdir 40 foizini oladi.
Demak, yuqorida keltirilgan misollarga o‘xshagan masalalarda foiz so‘zini ishlatishda hech qanday muammo yoki shar’iy ta’qiq yo‘q.
Chunki bu ishda g‘arar (aldov) ham, ribo ham topilmaydi. Masalan, Ahmad ismli kishi kiyim sotib olish uchun supermarketga bordi. Supermarketga kirsa, sotuvchi “Kim bizdan bitta kiyim sotib olsa, yana bitta qo‘shib beramiz yoki qilgan to‘lovidan shunchasini qaytib beramiz”, deb e’lon qildi. Bu narsa halol hisoblanadi.
Hozirgi kundagi islom moliyasi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan olim Muhammad Taqiy Usmoniy “Fiqhul buyu’” kitobida buni hadya deb atagan: “Ayrim savdogarlar ma’lum miqdorda mahsulotlarini sotib olgan xaridorlarga mukofot, bonus berish odati joriy bo‘lgan. Bu mukofotlarni gohida qur’a tashlash yo‘li orqali beradi. Savdogar bu ishni qilishdan maqsadi odamlar uning mahsulotni ko‘proq sotib olishlari uchun qiziqtirish maqsadida qiladi. Bu savdogar tomonidan va’da qilingan in’om, hadya hisoblanadi”.
Keshbek haqida Hindiston Dorul ulum fatvo markazida quyidagicha savol-javob keltirilgan: Savol: “Masalan, biror narsani onlayn sotib olinganda keshbek beriladi. Bu joizmi?”. Javob: “Bu pullar rag‘batlantiruvchi mukofot bo‘lib, olish joiz”.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, turli ilovalar orqali beriladigan g‘arar (aldov) va ribo aralashmagan keshbekni mukofot yoki bonus, deb tushunsa bo‘ladi va buni olish joiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.