G‘ASSOL TAHORATLI BO‘LISHI KERAKMI?

ID: 58

04.04.2025

67

Savol:

Bir e’tiborli kishi shunday deb aytdi: “Mayyitlarni yuvadigan g‘assolning tahoratli bo‘lishi shart emas. Doimiy tahoratli yurish va namozdan boshqa o‘rinlarda ham tahorat muhim emas. Tahorat faqat besh mahal namoz uchun kerak”. Bu gaplarni ko‘p aytadi. Bu borada to‘liqroq ma’lumot bersangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Mayyitni yuvadigan g‘assolning tahoratli bo‘lishi shart emas. Bu gap to‘g‘ri, ammo tahoratli holatda g‘assollik qilishi mustahab sanaladi. Ya’ni, mayyitni g‘usl qildirishda tahoratli bo‘lsa, ko‘proq ajru savobga erishadi.

“Muhiytul Burhoniy”da shunday deyilgan:

وينبغي أن يكون غاسل الميت على الطهارة، ويكره أن يكون جنباً أو حائضاً

“Mayyitni yuvadigan shaxs tahoratli bo‘lmog‘i kerak. Junub yoki hayzli holatda mayyitni g‘usl qildirish makruh sanaladi”. Bu gaplar ko‘plab fiqhiy kitoblarimizda, jumladan, “Fatovo Olamgiriya”, “Fatovo Qozixon”, “Durarul hukkam” kitoblarida zikr qilingan.

Yana shuni yaxshi bilish kerakki, dinimizda amallarning turli darajasi bor. Farz, vojib, sunnat, mustahab, va hokazo. Demak, farzdan tashqari vojib, sunnat kabi darajalar ham bor bo‘lib, musulmon inson faqatgina farz va vojib bo‘lgan amallar bilan cheklanib qolmaydi, balki sunnat va mustahab bo‘lgan amallarga ham e’tiborli bo‘ladi. Aynan sunnat, nafl amallarni bajarish orqali ko‘plab ajru savoblarga erishishdan tashqari qiyomatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga ham musharraf bo‘ladi. Hayotiga baraka kiradi, Alloh taologa qurbat hosil qiladi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo:

وما يزال عبدي يتقرب إلي بالنوافل حتى أحبه

“Bandam Menga nafllar bilan yaqin bo‘lishda bardavom bo‘ladi, hatto Men uni yaxshi ko‘rib qolaman...”, degan.

Boshqa bir hadisi sharifda:

ولا يحافظُ علَى الوضوءِ إلَّا مؤمنٌ

“Faqat (komil) mo‘min davomli tahoratli yura oladi”, deyilgan. (Ibn Moja Abu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Demak, doim tahoratli yurish shariatning farz darajasidagi amal bo‘lmasada, mo‘l-ko‘l savobga sabab bo‘ladigan amallar sirasiga kiradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar