JARIMAGA SO‘YILGAN QO‘YNI O‘ZI YOKI SHERIKLARI YESA BO‘LADIMI?

ID: 67

04.04.2025

34

Savol:

Umra yoki hajda jarima uchun so‘yilgan qo‘yni o‘zi yoki sheriklari yesa bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Jarima uchun so‘yilgan jonliqlarni jinoyat qilgan kishining o‘zi, ota-onasi, bobo-buvisi, farzandlari, eri yoki xotini hamda boy insonlar yeya olmaydi. Agar o‘zi yeb qo‘ysa yoki mazkur shaxslardan biriga berib qo‘ygan bo‘lsa, yeyilgan yoki berilgan miqdordagi qiymatni faqirlarga sadaqa qiladi. Bu boradagi qoida shuki, zakot olishi mumkin bo‘lmagan shaxslar jarimaga so‘yilgan jonliqlardan yeyishi mumkin emas.

Shu qoidaga muvofiq jarimaga jonliq so‘ygan hojining sheriklari yuqorida aytilgan toifaga kirmasa, ushbu jonliqdan yeyishi mumkin.

وأما ما عدا هذه الثلاثة كدماء الكفارات كلها والنذور وهدي الإحصار وهدي التطوع إذا لم يبلغ الحرم فلا يجوز له الأكل منه ولو فقيرًا ولا لمن بينهما ولاد أو زوجية، ولا لغني بل لكل من لا تحل له الزكاة 

“Kishining (o‘zi so‘ygan) nazr va kafforat uchun so‘yilgan jonliqlar, ihsor(hajdan to‘silgan), haramga yetib bormagan ixtiyoriy qurbonliklardan garchi faqir bo‘lsa ham yeyishi mumkin emas. Shuningdek, orasida tug‘ishganlik va er-xotinlik aloqasi borlar hamda boy shaxslar yeya olmaydi. Umuman olganda zakot olishi halol bo‘lmaydigan kishilarning bu jonliqdan yeyish mumkin emas”. ("G‘unyatun nosik" kitobi).

وَلَا يَجُوزُ الْأَكْلُ مِنْ الدِّمَاءِ إلَّا مِنْ أَرْبَعَةٍ مِنْ الْأُضْحِيَّةِ وَدَمِ الْمُتْعَةِ وَدَمِ الْقِرَانِ وَدَمِ التَّطَوُّعِ إذَا بَلَغَ مَحَلَّهُ ، وَهُوَ الْحَرَمُ يَعْنِي لَا يَجُوزُ الْأَكْلُ مِنْ دِمَاءِ الْكَفَّارَاتِ وَالنُّذُورِ ، وَهَدْيِ الْإِحْصَارِ ، وَهَدْيِ التَّطَوُّعِ إذَا لَمْ يَبْلُغْ مَحَلَّهُ

“Kishi (o‘zi so‘ygan) jonliqlardan faqat to‘rt turini yeyishi mumkin: Qurbonlik, tamattu, qiron va haramga yetib borgan ixtiyoriy jonliq. Nazr, kafforat uchun so‘yilgan jonliqni, ihsor va haramga yetib bormagan ixtiyoriy qurbonlikni yeyish mumkin emas”. ("Tabyin" kitobi).

Ammo qiron yoki tamattu hajini qiladiganlar shukrona sifatida so‘yadigan go‘shtlarini bemalol yeyishi mumkin, hatto mustahab ham hisoblanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar