Jannatga Alloh taolo xohlagan bandasisini kiritishini bayon etgan. Jannatga kirish ham taqdiri azalda yozilganmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Albatta har bir ish taqdirda bitilgandir. Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda payg‘ambarimiz alayhissalom:
كُلُّ شَيْءٍ بِقَدَرٍ حَتَّى الْعَجْزُ وَالْكَيْسُ (رواه الامام مسلم عن عبد الله بن عمرو رضي الله عنهما)
Ya’ni: “Har bir narsa qadar bilandir. Hatto ojizlik va uddaburonlik ham”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Shu jumladan jannatga tushadiganlar va do‘zaxga tushadiganlar ham Alloh taoloning taqdirida ma’lumdir.
Bu o‘rinda eng asosiy narsa taqdir tushunchasini to‘g‘ri anglashdir. Shunda bizga mavhum yoki muammoli bo‘lib qolgan barcha narsalar o‘z yechimini topadi. Ko‘pchilik insonlar “Taqdir” so‘zining ma’nosini yanglish tushinadilar.
Alloma Xattobiy rahimahulloh aytadilar: "Ko‘pchilik insonlar qazo va qadarning ma’nosini Alloh taolo bandalarini o‘zi oldindan taqdir qilib bitgan va hukm qilgan narsaga muvofiq yashashga majburlashidir deb tushinadilar. Lekin qazo va qadarning ma’nosi ular o‘ylagandek emas. Balki taqdir degani Alloh taoloning bandalar endilikda qiladigan kasblarini oldindan bilishi va ana shu kasblar Alloh taoloning o‘lchovi ostida amalga oshmoqligidir".
Ibn Hajar al-Haysamiy qazo va qadarga quyidagicha ta’rif berganlar:
و القضاء علم الله أولاً بالأشياء على ما هي عليه ، و القدر إيجاده إياه على ما يطابق العلم
ya’ni: “Qazo bu Allohning barcha narsalarni endilikda qanday bo‘lishini avvaldan bilmoqligidir. Qadar esa ana shu bilgan narsalarini mazkur ilmiga muvofiq paydo qilishidir”.
Muhammad Sa’id Ramazon Butiy o‘zlarining “Kubrol yaqiniyat al-kavniya” kitoblarida: “Qazo bu Alloh taoloning barcha narsalarni kelajakda qanday bo‘lishini bilishidir. Qadar esa – Alloh taolo mazkur narsalarni amalda (voqe’da) o‘zining azaliy ilmiga muvofiq paydo qilishidir”, – deb ta’riflaganlar.
Mazkur ta’riflardan xulosa qilish mumkinki, Alloh taolo taqdir orqali hech bir insonga bosim, majburiyat yuklamaydi. Shuning uchun banda Alloh taoloning rahmatidan umid qilib, azobidan qo‘rqib, dinimizda buyurilgan solih amallarni qilishi, qaytarilgan ishlardan butkul chetlanishi zarur. Taqdir bu Alloh taoloning azaliy ilmidan iborat narsadir. Ya’ni bandalarning nima qilishlarini Alloh taolo oldindan biladi va shu sababli ulardan qaysilari jannatga loyiq va qaysilari do‘zaxga loyiq ekanini ham biladi. Allohning ilmida kimlar jannatiy va kimlar do‘zaxiy ekani ma’lum. Tavfiq Allohdandir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.