Ba’zi vaqtlarda jamoatga kechikib kelib, takbir aytib, jamoatga qo‘shilamiz. Shu holatda sanoni o‘qiymizmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Jamoat namoziga kech qolib qo‘shilgan kishi agar imom jahriy qiroat qilayotgan paytda qo‘shilsa, sanoni o‘qimasdan sukut qilib turadi. Imom namozni tugatib salom bergandan so‘ng imom bilan birga o‘qiy olmagan rakatlarni o‘qigani turganda sanoni o‘qiydi.
Agar imom maxfiy qiroat qilayotgan bo‘lsa, takbiri tahrimadan so‘ng sanoni o‘qiydi.
Agar birinchi rakatni topsa, lekin imom qiroatni boshlagan bo‘lsa, sanoni o‘qimay, jim turadi. Chunki sanoni o‘qish sunnat, imomning qiroatiga quloq solish vojib sanaladi. Bu haqida “Fatovoi olamgiriya”da quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:
(منها) أنه إذا أدرك الإمام في القراءة في الركعة التي يجهر فيها لايأتي بالثناء، كذا في الخلاصة. هو الصحيح، كذا في التجنيس. وهو الأصح، هكذا في الوجيز للكردري. سواء كان قريباً أو بعيدًا أو لايسمع لصممه، هكذا في الخلاصة. فإذا قام إلى قضاء ما سبق يأتي بالثناء ويتعوذ للقراءة، كذا في فتاوى قاضي خان والخلاصة والظهيرية. وفي صلاة المخافتة يأتي به، هكذا في الخلاصة. ويسكت المؤتم عن الثناء إذا جهر الإمام هو الصحيح، كذا في التتارخانية في فصل ما يفعله المصلي في صلاته وَإِنْ أَدْرَكَ الْإِمَامَ فِي الرُّكُوعِ أَوْ السُّجُودِ يَتَحَرَّى إنْ كَانَ أَكْبَرُ رَأْيِهِ أَنَّهُ لَوْ أَتَى بِهِ أَدْرَكَهُ فِي شَيْءٍ مِنْ الرُّكُوعِ أَوْ السُّجُودِ يَأْتِي بِهِ قَائِمًا وَإلَّا يُتَابِعُ الْإِمَامَ وَلَا يَأْتِي بِهِ وَإِنْ أَدْرَكَ الْإِمَامَ فِي الْقَعْدَةِ لَا يَأْتِي بِالثَّنَاءِ بَلْ يُكَبِّرُ لِلِافْتِتَاحِ ثُمَّ لِلِانْحِطَاطِ ثُمَّ يَقْعُدُ . هَكَذَا فِي الْبَحْرِ الرَّائِقِ فِي صِفَةِ الصَّلَاةِ .
“Namozga kechikib kelgan shaxsga oid hukmlardan yana biri shuki, namozxon imom jahriy qiroat qilayotgan vaqtda qo‘shilsa, sanoni o‘qimaydi. Mazkur muqtadiy imomga yaqin yoki uzoqda bo‘lsa ham, yoki imomning qiroatini eshitmaydigan kar bo‘lsa ham sanoni o‘qimay, jim turadi. Imom salom bergandan keyin ulgurmagan rakatlarini o‘qish uchun turganda sanoni o‘qib, ortidan a’uzuni aytadi.
Maxfiy qiroat qilinadigan namozlarda shunday holat bo‘lib qolsa, iqtido qilgan rakatida sanoni o‘qiydi.
Kishi birinchi rakatni topsa-yu, ammo imom fotihani o‘qishni boshlagan bo‘lsa, jim turadi.
Imomni ruku qilayotgan yoki sajda qilayotgan holda topsa qaraydi, agar sanoni o‘qib ruku yoki sajdaga ulgura olishiga ko‘zi yetsa, tik turgan holda sanoni o‘qiydi (keyin imomga iqtido qiladi). Agar ulgurishiga ko‘zi yetmasa sanoni o‘qimasdan imomga iqtido qiladi.
Agar imomni qa’dada topsa, sanoni o‘qimaydi, balki namozga kirishish uchun takbir aytadi, so‘ngra egilish uchun takbir aytadi, so‘ngra qa’daga o‘tiradi. “Bahrur roiq”da shunday kelgan”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.