Jamoat transportida ketayotib sajda oyati o‘qilsa, hukmi qanday bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Sajda oyati o‘qilganda, tilovat qiluvchiga ham eshitguvchilarga ham tilovat sajdasini qilish vojib bo‘ladi. Ushbu sajdani darhol qilish afzal. Ammo uni kechiktirib qilish ham mumkin. Yuqoridagi kabi holatlarda birorta sajda qilib olish mumkin bo‘lgan joyga borganda, tahorat bilan sajda qilib olish mumkin bo‘ladi.
ثُمَّ هِيَ وَاجِبَةٌ عَلَى التَّرَاخِي إنْ لَمْ تَكُنْ صَلَاتِيَّةً
“Tilovat sajdasi vojibdir. Agar u namozning ichida bo‘lmasa, ado etish vaqti kengroqdir (ya’ni, o‘sha vaqtda bajarishi shart emas, keyinroq ado qilib qo‘ysa ham bo‘ladi)” (“Bahrur roiq” kitobi).
Aslida bunday jamoat joyi va transportlarida boshqalar eshitadigan darajada Qur’on tilovat qilmaslik tavsiya etiladi. Zero boshqa eshitgan insonlar sajda qilish vojib ekanini yoki bu sajda oyati ekanini bilmay qolish ehtimoli katta. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.