JAMOAT NAMOZIDA BEL OCHILIB QOLSA

ID: 4165

13.11.2025

86

Savol:

Jamoat namozlarida namoz oʻqiyotganda yonidagi yoki oldidagi odamning beli ochilib qolsa va bexosdan koʻz tushib ketsa nima boʻladi va bunday holatda nima qilish kerak? Namoz oʻqiyotgan paytda bel ochilib ketsa nima boʻladi? Javob uchun oldindan tashakkur!!!

Javob:

Bismillahir rohmanir rohim. Namoz durust bo'lishi uchun avrat a'zolarining barchasi yopiq bo'lishi shart. Chunki, avrat yopilishi namozning farzlaridan biri hisoblanadi. Erkak kishi namozda kindigining ostidan boshlab tizzasining ostigacha yopishi farzdir (Manba: “Sharhun nuqoya”). Erkakning kindigidan pasti avrat bo'lgani kabi orqa tomondan ham kindik to'g'risidan pasti avrat bo'ladi. Ulamolarimiz avrat a'zolardan birining to'rtdan bir qismi bir muddat ochilib qolsa namoz buziladi, deganlar. Bunda ayol kishining soqi (ya'ni boldiri), erkak kishining soni alohida a'zo hisoblanadi. Bir muddat miqdori esa uch marta tasbeh aytish miqdoricha ekani bilan izohlangan (manba: “Hoshiyatut-Tahtoviy”). Yana shuni ham ta'kidlash kerakki, hozirgi kunda ba'zilar kalta shim (shortik)da namoz o'qimoqdalar. Unday kalta kiyimda belni yopganda, tizza ochilib qolishi, tizzani yopganda esa bel ochilib qolishi tabiiy. Shuning uchun har bir namozxon o'ziga qulay bo'lgan va avrat a'zolarni yopadigan keng hamda uzun kiyimda namoz o'qishi dinimiz talabidir. Ochilib qolgan a'zolarga ko'zi tushgan odamning namozi buzilmaydi. Vallohu a'lam

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar