O‘tgan gal bergan savolimni javobida biroz tushunmagan joyim bor edi. Namozdagi maxfiylik yoki ovoz chiqarib o‘qish to‘g‘risida. Umumiy qilib aytganda besh vaqt namozda farz namozlari eng kami o‘zi eshitadigan darajada o‘qiladimi? Javobingiz uchun oldindan tashakkur bildirib qolaman.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qiroat namozning ruknlaridan bo‘lib, qaysi namozlarda qiroat jahriy qilinadi va qaysi namozlarda maxfiy qilinadi hamda ularning darajasi qay yo‘sinda buni bilib olishimiz kerak.
“Muxtasarul viqoya” kitobida bu mavzuda shunday deyiladi:
يجهر الامام في الجمعة والعيدين و الفجر و اليي العشاءين اداء و قضاء لا غير
ya’ni: “Imom juma va ikki hayit namozlarida, shuningdek, Bomdod namozida, Shom va Xufton namozlarining avvalgi ikki rak’atida ovoz chiqarib qiroat qiladi. Namozni vaqtida ado qilsa ham, qazo qilsa ham. Boshqalarida ovoz chiqarib qiroat qilmaydi”.
Ya’ni, imom Peshin va Asr namozlarida, Shom namozining uchinchi rak’atida va Xufton namozining keyingi ikki rak’atida ovozini chiqarmay qiroat qiladi.
و المنفرد خير ان ادي وخافت حتما ان قضي
ya’ni: “Yolg‘iz namoz o‘quvchi namozni vaqtida ado etsa, jahriy yoki maxfiy o‘qishda ixtiyorli. Yolg‘iz o‘quvchi qazo namozini o‘qisa, maxfiy qiroat qilishi vojibdir (“Zaxira” va “Qozixon” kitoblarida yolg‘iz namozi o‘quvchi qazo namozini o‘qiganda ham jahriy va maxfiy o‘qishda ixtiyorli bo‘lishi sahih ko‘rilgan).
و ادني الجهر اسماع غيره و ادني المخافتة اسماع نفسه
ya’ni: “Ovoz chiqarib qiroat qilishning eng past darajasi o‘zidan boshqaga eshittirishdir. Maxfiy o‘qishning eng past darajasi o‘zi eshitadigan darajada bo‘lishidir”.
O‘zidan boshqa eshitmaydigan darajadagi qiroatni “ovoz chiqarib qiroat qilish” deb bo‘lmaydi. Demak, ovoz chiqarish lozim bo‘lgan qiroatda, aqalli o‘ziga eng yaqin turgan kishi eshitishi lozim ekan.
Maxfiy qiroat namozxonning o‘zi eshitadigan darajada bo‘lmasa, qiroat durust bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.