“NAFASI KUCHLI” DEGAN FIKRLAR QANCHALIK TO‘G‘RI?

ID: 587

04.04.2025

21

Savol:

Mening barcha duolarim ijobat bo‘layapti. Bundan ba’zan o‘zim ham qo‘rqib ketyapman. Masalan meni norozi qilgan insonni duoibad qilgan edim, unga chindan ziyon yetdi. Bu hol juda ko‘p bora takrorlangan. Dinimizda umuman “nafasi kuchli” degan fikrlar qanchalik to‘g‘ri?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Alloh taolo bandalarning duosini qabul qilishini Qur’oni karimda ochiq oydin ta’kidlab o‘tgan. Xususan birovdan zulm-sitam ko‘rgan yoki undan ranjib turgan holatda qilingan duo ijobat bo‘lmay qolmaydi. Hadisda: “Mazlumning duosidan saqlaninglar. Chunki uning duosi bilan Alloh taoloning o‘rtasida parda yo‘qdir”, deyilgan.

Shuning uchun inson hayoti davomida birovga aslo zulm qilmasligi lozim. Shu bilan birga birovdan yomonlik ko‘rgan inson darrov uni duoyibad qilishga shoshmasligi, imkon qadar unga yomonlikni ravo ko‘rmasligi, balki uning insofga kelishini so‘rab, duo qilishi maqsadga muvofiq. Bu borada Sarvari olam – Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom biz mo‘min-musulmonlar uchun ulkan namuna bo‘lganlar. U Zotning o‘z qavmlari qanchadan-qancha zulm-sitamlar qilib, turli bo‘htonlar uyushtirganlarida ham, hatto o‘z yurtlaridan quvib chiqargan paytlarida ham qo‘llarini duoga ochib: “Ey Alloh, qavmimni hidoyat qilgin”, deb, qavmlarini to‘g‘ri yo‘lni tanishlarini so‘rab duo qilganlar. Shuning uchun ham Alloh taolo Muhammad alayhissalomni Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida maqtagan. U Zotning duolari sharofatidan keyinchalik Makka mushriklari o‘zlarining xato yo‘lda ekanliklarini tushunib yetib, hidoyat yo‘lini tanlaganlar.

Xulosa qilib aytganda, duoning qabul bo‘lishi bandaning “nafasi o‘tkir”ligidan emas, balki, Alloh taoloning fazli-karamidandir. Sizni kimdir ranjitsa, unga insof tilab duo qilishga odatlaning. Shunda Siz ham Alloh taoloning huzurida maqtalgan bandalari qatorida bo‘lasiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar