VIDEO TASVIRLARDA FON MUSIQASI ISHLATISHNING HUKMI

ID: 9363

16.03.2026

225

Savol:

Assalomu alaykum! Men videomontajor sifatida faoliyat olib boraman. Asosan ijtimoiy tarmoqlar uchun ta'limiy va odamlarga foydasi tegadigan videolarni montaj qilishga harakat qilaman. Video ko'proq odamga etib borishi, qiziqarli va ta'sirli chiqishi uchun musiqadan orqa fonga ham foydalanaman. Bir kuni musiqa masalasida ulamolar o'rtasida ixtilof borligini eshitib qoldim. Shundan so'ng topayotgan daromadim va kasbimga o'zimda shubha uyg'onib, internetdagi va shu saytdagi ko'plab fatvolarni o'qib va eshitib chiqdim, lekin Hanafiy mazhabidagi ulamolarning aynan men qilayotgan ish bo'yicha aniq va batafsil fatvosini topa olmadim. Ishimga shubha shunchalik kuchaydiki, kasbimni o'zgartirishni ham o'ylanib qoldim. To'g'ri, bir tarafdan savolga javob oddiydek — hech qanaqa musiqa ishlatmaslik. Lekin bu orqali ko'pchilikka etib borish qiyin, raqobatchilarning videolaridan ortda qolganlik yaqqol seziladi. Deyarli barcha kompaniyalar va mijozlar musiqa qo'yib berishni talab qilishadi. Shu sababli quyidagi masalalarda savollarim bor edi: 1. Videolarda fon sifatida musiqa ishlatishning hukmi qanday? 2. Agar video foydali yoki ta'limiy bo'lsa, bu hukmga ta'sir qiladimi? 3. Agar bu masala ixtilofli bo'lsa, bunday sohada ishlamaslik afzalroqmi? Shu masalaga batafsil tushuntirish berilsa, men kabi zamonaviy kasb egalari (videograf, SMM menejer va mobilograf) va boshqa ko'plab insonlarga foydali bo'ladi deb o'ylayman. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin. Oldindan rahmat.

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatulloh. Bismillahir Rohmanir Rohiym.

1. Videolarda fon sifatida ishlatiladigan musiqa borasida faqihlar ixtilof qilishgan. Hanafiy mazhabi ulamolari musiqani mutlaq joiz emas deganlar. Faqatgina Abdulg'ani Nobulisiy rahimahulloh kabi ba'zi faqihlar musiqani ham yaxshi va yomonga ajratganlar.Ammo boshqa mazhablarda musiqani ham yaxshi va yomonga ajratishgan.

2. Agar video foydali yoki ta'limiy bo'lsa, hanafiy mazhabiga ko'ra musiqa qo'yish joiz emas. Ammo boshqa mazhablarga ko'ra, agar musiqa yaxshi bo'lsa uni fonga qo'yish mumkin bo'ladi

3. Boshqa yaxshi ish topguncha ishlash joiz, yoki musiqa aralashtirmasdan ishlash mumkin. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar