Atrofimiz kundan kunga soxta salafiylarga to‘lib bormoqda, ijtimoiy tarmoqda shundaylarni ko‘rganda haq yo‘lni ko‘rsatishimiz, xatosini aytishimiz kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Albatta, xatosini aytish va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish kerak. Chunki ming yillardan beri Ahli sunna va jamoaning aqidaviy: Moturidiya va Ash’ariya va fiqhiy: Hanafiy, Molikiy, Shofi’iy, Hanbaliy mazhablari Alloh taoloning irodasi bilan Islom shariatini mukammal ko‘rinishda saqlab kelmoqdalar. Payg‘ambarimiz alayhissalom ilm buloqlarining boshidan suv ichgan bu mazhablarning dalillari kuchli, asoslari mustahkam. Ahli sunna val jamoa boshlanganidan hozirgacha musulmonlarning eng katta jamoasi bo‘lib kelgan va unga ergashish Payg‘ambarimiz alayhissalomning: "Katta jamoaga ergashinglar" (Imom Ahmad va Ibn Mojalar rivoyati), degan so‘zlari bilan shart bo‘ladi. Biz ham mana shu haq yo‘l, katta jamoa Ahli sunna val jamoaga odamlarni chaqiramiz, zero unga amal qilish ikki dunyo saodatiga sabab bo‘ladi.
Mazkur Islom ummati bir ovozdan qabul qilgan va amal qilib kelayotgan haq mazhablarga xilof qilgan mazhablarning esa e’tibori yo‘q. Garchi ularni kufrda ayblamasak ham, haqdan toygan deb bilamiz va odamlarni ularga ergashishdan qaytaramiz. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.