TOIF VA JIDDA SHAHARLARI MIYQOT ICHIDAMI?

ID: 163

04.04.2025

220

Savol:

Toif va Jidda shaharlari miyqot ichidami yoki tashqarisida?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Toif shahri Makkai mukarramadan taqriban 75 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, u joyga borgan odam haram hududidan tashqariga chiqqan hisoblanadi. Bu kishi yana Makka shahriga qaytib kirmoqchi bo‘lsa, albatta “Qornul-manozil” (“Saylul-kabir” deb ham nomlanadi) miyqotidan umra uchun ehrom bog‘lab kirishi vojib bo‘ladi va aks holda bir qo‘y so‘yishi vojib bo‘ladi.

Bu borada “G‘unyatun nosik” kitobida shunday deyilgan:

المكي إذا خرج إلى الحل لحاجة له أن يدخل مكة بغير إحرام بشرط أن لا يكون جاوز الميقات الأفاقي، فإن جاوزه فليس له أن يدخل مكة بغير إحرام؛ لأنه صار آفاقيا (بحر)

Ya’ni: “Makkalik kishi (jumladan, Makkada turgan hojilar) haramning tashqarisi lekin miyqotning ichidagi hududga biror bir hojati uchun chiqadigan bo‘lsa va modomiki, ofoqiylarning (tashqaridan keluvchilar) miyqotini chegarasidan o‘tib ketmasa, unga Makka shahriga ehromsiz qaytib kirishi joizdir. Agar, miyqotdan o‘tib ketsa, u holda Makkaga ehromsiz qaytib kirishi joiz emas” ("Bahrur-roiq". 2/559-560 b.) ("G‘unyatun-nosik"/110-bet).

Bu borada “Anvorul-manosik” kitobida quyidagicha bayon qilingan: “Jidda shahri Makkadan taxminan 79 km masofada joylashgan bo‘lib, uning miyqot ichidaligi haqida esa, ulamolarimizning ikki xil so‘zlari mavjud.

Birinchi fikrga ko‘ra, Jidda shahri miyqotning ichida joylashgan.

Ikkinchi fikrga ko‘ra esa, Jidda shahrining o‘zi miyqot hisoblanadi. Zero, u ikki miyqot ya’ni “Yalamlam” va “Juhfa” miyqotlarining orasida joylashgan bo‘lib, hazrati Umar roziyallohu anhuning chiqargan hukmlariga ko‘ra, ikki miyqot oralig‘ida joylashgan makonlar ham miyqot hisoblanadi. Shunga ko‘ra, Jiddaga dengiz yo‘li orqali keluvchilar hamda g‘arb mamlakatlaridan samolyotlar bilan keluvchilar uchun Jiddadan ehrom bog‘lash hech bir karohatsiz joizdir. Chunki, bular biror-bir miyqotga kirmay, to‘g‘ri Jiddaga boradilar. Lekin shimoli-sharqiy va janubi-sharqiy mamlakatlardan, masalan O‘rta Osiyodan samolyot bilan Jiddaga boruvchi hojilar avvalroqdan ehrom bog‘lashlari lozim bo‘ladi. Chunki ular “Qornul-manozil” yoki “Zoti Irq” yoki “Zul-Hulayfa” miyqotlari tepasidan uchib o‘tib, so‘ng Jidda aeroportiga qo‘nadilar” ("Anvorul-manosik", 118-bet).

Demak, har ikki fatvoga ko‘ra ham Jidda shahrining o‘zi miyqot yoki miyqotning ichida bo‘lib, miyqotning tashqarisida hisoblanmaydi va u joyga Makkadan borgan kishilarga yana qaytib Makka shahriga kirishlarida ehromga kirishlari shart emas. Zero, ular haram hududidan tashqariga chiqqan bo‘lmaydilar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar