Men Moskvada ishlayman. Bu yerda o‘rtoqlarim YouTube platformasida pul topishni tavsiya qilishdi. Men bir dasturga kirib 100 dollar pul tiksam bir yillik vaqt berar ekan va har kuni video jo‘natadi. Men o‘sha videoga layk bosib, a’zo bo‘lib, skrinshot qilib ularga jo‘natsam har bir video uchun 1 dollar pul beradi. Har kuni 5 ta videoga shunday qilishim kerak ekan. Shunga o‘xshash dastur orqali pul topish haqida nima deysiz? Bu yerda juda ko‘p musofirlar shu narsadan pul topishyapti.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bu ish shariatimizga ko‘ra to‘g‘ri emas. Chunki bunda ishni boshlashdan avval berilgan pul (savoldagi 100 AQSH dollari) oldindan berilgan pul yo pora yoki qarz hukmida bo‘ladi. Ya’ni, agar pul to‘lagan odamga qaytarilsa, o‘sha pul qarz sifatida berilgan hukmda bo‘ladi. Bunda uzoq muddat evaziga pulni aylantirib, undan kelgan va yutub tarmog‘idagi reklamalardan kelgan puldan qarz bergan odamga, ya’ni sizga berib turiladi. Boshqacha qilib aytganda bergan qarzingiz evaziga haq olib turasiz. Shariatimizga ko‘ra, esa har qanday qarz foyda keltirsa, ribo – sudxo‘rlik sanaladi. Bunga Payg‘ambarimiz alayhissalomdan naql qilingan quyidagi rivoyat ham dalolat qiladi:
"كلُّ قرض جرَّ منفعة فهو ربا" (رواه البيهقي).
“Har qanday manfaat keltirgan qarz – ribodir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shunga ko‘ra, yutub tarmog‘idagi bu moliyaviy amaliyotga kirishmaslik tavsiya etiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.