Assalomu alaykum! Men ko‘p kulaman. Kulmaslikka harakat qilsam ham har xil xayollar keladi va kulib yuboryapman. Bu kulishni o‘rgansam, insonlarning bir turi shunday bo‘lar ekan. Bu kulishlardan qanday qilib qutulsam bo‘ladi? Namozda bu holat yuz bersa nima qilish kerak?
Va alaykum assalom. Aslida kulish muboh amaldir. Lekin bu odatdagi chegaradan chiqib ketsa, makruhi tanzihiy darajaga yetadi. Salafi solihlarimiz haddan ortiq kulishni qoralaganlar va undan qaytarganlar. Chunki hadisi sharifda: «...Kulgini ko‘paytirma, chunki ko‘p kulgi qalbni o‘ldiradir» (Termiziy rivoyati), deyilgan.
Qoralangan kulgi – bu qahqaha kabi ovoz chiqarib kulishdir. Imom G‘azzoliy ta’kidlaganidek, kulgiga g‘arq bo‘lish mazmum amaldir. Hasan Basriy rahimahulloh: «Mo‘minning kulgisi qalbining g‘aflatidandir», deganlar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu esa: «Kimning kulgisi ko‘paysa, haybati kamayadi», deb ogohlantirganlar.
Ammo tabassum shaklidagi kulgi bo‘lsa, bu maqtalgan amaldir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Birodaring yuziga tabassum qilishing (ham) sadaqadir» (Termiziy rivoyati), deganlar. U zotning o‘zlari ham ko‘p tabassum qilar va kulgilari faqat tabassumdan iborat bo‘lardi.
Namozning ichida esa, kulish uch turga bo‘linadi. Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh “Fathu babil inaya” kitoblarida uch xil kulguni quyidagicha bayon qilganlar:
القهقهةُ: ما تكون مسموعةً له ولجيرانه سواءٌ ظهرت أسنانُهُ أوْ لا، تَبْطُلُ بها الصلاةُ والوضوءُ. والضحِكُ: ما يكون مسموعاً له دون غيرهِ، وتَبْطُلُ به الصلاةُ دون الوضوء. والتَّبَسُّمُ: ما لا يُسْمَعُ أصلاً، وليس بمُبِطلٍ لواحدٍ منهما.
ya’ni: “Qahqaha – kishi o‘zi va o‘zidan boshqaga eshitadigan darajada kulishi. Unda tishi ko‘rinadimi yoki yo‘qmi, farqi yo‘q. Bu bilan tahorat sinadi va namoz buziladi. Kulish – kishi faqat o‘zi eshitadigan, boshqasiga eshitilmaydigan darajada kulishi. Bu bilan namoz buziladi, tahorati sinmaydi. Tabassum – kishi hech qanday ovoz eshitilmaydigan darajada (o‘ziga ham, boshqasiga ham) jilmayishidir. Bu bilan namoz ham buzilmaydi, tahorat ham sinmaydi”. Vallohu a’lam.