Assalomu alaykum. Men bir domladan rivoyat eshitgan edim. Unda imomning bir to'tisi bo'ladi. U masjidda yashab, odamlardan "La ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh" kalimasini doim aytadi. Bir kun uni bir mushuk eb qo'yayotganda, o'z tilida qichqiradi. Shunda imom yig'laydi, shogirdlari esa sababini so'rashsa, to'tining tili va dili bir xil emas, deydi. Savolim shukim, men ham doim o'zim bilmasam ham tilim zikrda bo'ladi. Lekin dilimda bormi yo'qmi, ba'zan bilmay qolaman. Iymonimning mustahkamligini qanday bilsam bo'ladi?
Va alaykum assalom. Avvalo, shuni bilingki, sizning bu xavotiringizning o'zi qalbingizda iymon borligiga eng katta dalildir. Sizdagi «Iymonim tilimda qolib ketmadimikan?» degan qo'rquv hissi qalbingizda iymon bor ekanidan va zikringiz shunchaki quruq so'z emasligidan dalolat beradi.
Iymonning mustahkamligi va qalbda o'rnashganini bilish uchun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam belgilab bergan ushbu qoidaga qarash lozim. U zot sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kimni qilgan yaxshiligi xursand qilsa va yomonligi xafa qilsa – ana shu mo'mindir» (Imom Ahmad rivoyati). Agar ibodat qilganingizda qalbingizda halovat sezsangiz, gunoh yoki g'aflatda qolganingizda siqilib, afsuslansangiz, demak, iymoningiz salomat. Qiyinchiliklar va fitnalar kelganda Allohning hukmiga rozi bo'lish va shariatda sobit turish ham sodiqlik belgisidir.
Ba'zan keladigan «Dilimda iymon bormi o'zi yoki yo'qmi?» degan ikkilanishlar shaytonning vasvasasidir. Sahobalar ham shunday xayollardan shikoyat qilganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu ayni iymondandir» (Muslim rivoyati), ya'ni bunday xayoldan qo'rqish va uni yomon ko'rish iymonning belgisidir, deganlar. Shuning uchun bunday shubhalarga e'tibor bermang, ular sizga zarar qila olmaydi. Siz Allohga tavakkul qilib, tilingizni ham, dilingizni ham zikrda bardavom qilavering. Vallohu a'lam.