Issiq-sovuq bor narsami? Agar bor bo‘lsa, uni qanday qaytarish yoki umuman zarar yetmaydigan qilish mumkin?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ha, sehr bor narsa. Issiq-sovuq ham sehrning bir turidir. U zamonamiz olimlaridan Vahid Abdussalom Ba’liy hazratlarining “Sehr va jodudan saqlanish yo‘llari” kitobida quyidagicha ta’riflanadi: “Tafriq sehri – er-xotinni bir-biridan ajratish, sovutish va ular orasiga dushmanchilik solishdir”.
Musulmon odam sehr va boshqa zararli ta’sirlardan saqlanishi, himoyalanish uchun avvalo sehr bilan shug‘ullanadigan kishilardan uzoqroq yurishi kerak. Keyin esa barcha gunohlardan saqlanishi kerak. Zohiriy va botiniy pok bo‘lishi kerak. Zohiriy poklikka doim tahoratli bo‘lish, besh vaqt namozni o‘z vaqtida o‘qish kirsa, botiniy poklikka hasad, g‘iybat, adovat kabi ma’naviy illatlardan tiyilish kiradi.
Bundan tashqari sehrdan saqlanishda Qur’oni karimni tilovat qilish yoki uni tinglash, Nabiy sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarida kelgan zikrlarda bardavom bo‘lish ham foydalidir.
Xususan, Nabaviy ta’limotda “Fotiha”, “Oyatal kursi”, “Falaq”, “Nas”suralarini ertalab va kechqurunda uch marotabadan o‘qishni odat qilish, umuman ko‘p Qur’on o‘qish va eshitish jin va shaytonlarning yomonligidan saqlanishda eng samarali usullardan biridir. Bu haqida Imom Buxoriy Oisha onamizdan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam har kecha joylariga yotsalar, ikki kaftlariga “Qul huvallohu ahad”, “Qul a’uuzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbinnasi” suralarini o‘qib, dam solib, badanlariga surtib yotardilar” – deyiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.