ISO ALAYHISSALOM BORASIDAGI E’TIQODIMIZ

ID: 625

04.04.2025

57

Savol:

Xalq orasida Iso alayhissalom haqida turli e’tiqodlar yuradi, aslida bu borada musulmon kishining e’tiqodi qanday bo‘lishi kerak?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Iso alayhissalom Allohning bandasi va rasulidirlar. Alloh taolo dedi: “Ey ahli kitoblar, dinlaringizda haddan oshmanglar, Alloh haqida haqdan boshqasini aytmanglar. Masih Iso ibni Maryam Allohning payg‘ambari, Uning Maryamga tashlagan kalimasi va U yaratgan ruhdir” (Niso, 171-oyat).

Odam alayhissalom ota va onasiz tug‘ilgani kabi Iso alayhissalom ham otasiz tug‘ilganlar. Oli Imron surasida bunday deyilgan: “Isoning Alloh huzuridagi misoli xuddi Odamniki kabidir: uni tuproqdan yaratib, so‘ngra: «Bo‘l!» dedi va u bo‘ldi”. Iso alayhissalom qavmini yolg‘iz Allohga unga sherik qilmay ibodat qilishga chaqirdi. Qavmini sog‘lom aqida va yuksak axloqlarga targ‘ib qildi. Alloh aytadi: “Alloh, albatta, mening ham, sizlarning ham Parvardigoringizdir. Unga qullik qilinglar: to‘g‘ri yo‘l shudir!”.

Iso alayhissalom Muhammad alayhissalomning payg‘ambar bo‘lib kelishi haqida bashorat berganlar. Qur’oni karimda u kishining nomidan: “...va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini berish uchun Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman...”, deyilgan.

Iso alayhissalom xochga mixlanmadi ham, o‘ldirilmadi ham, balki Alloh uni o‘z huzuriga ko‘tarib oldi. Alloh taolo aytganidek “Ey Iso, Men seni oluvchiman va O‘z huzurimga ko‘taruvchiman”, (Oli Imron, 55-oyat). Shuningdek, yana bir joyda marhamat qiladi: “Biz Allohning payg‘ambari Iso Masih ibn Maryamni o‘ldirdik», deyishgani uchun jazoladik. Vaholanki, uni o‘ldirishmagan ham, osishmagan ham, ularga shunday tuyuldi. Talashib-tortishganlar uning to‘g‘risida shubhada qolishgan. Bu haqda ma’lumotlari yo‘q, faqat gumonga suyanishadi. Uni o‘ldirmaganlari aniq! Balki Alloh uni huzuriga ko‘targan, Alloh buyuk va hikmatlidir”. (Niso, 157-158-oyatlar).

Oxir zamonda Iso alayhissalom qaytib tushadilar va Muhammad alayhissalomning shariati bo‘yicha hukm qiladilar. Xochni sindiradilar va cho‘chqani o‘ldiradilar hamda jizyani bekor qiladilar. Kazzob Dajjoldan intiqom oladilar. So‘ng Iso alayhissalom yer yuzida vafot etib, dafn qilinadilar.

Qiyomat kunida barcha odamlar mahsharga yerdan tiriltirib chiqarilgani kabi u ham yerdan chiqib keladi. Chunki yuqorida aytilgani kabi Iso alayhissalom yerga dafn qilingan bo‘ladilar. Alloh taolo aytadi: “Biz sizlarni undan (yerdan) yaratdik, unga qaytarurmiz va (qiyomat kunida) sizlarni yana boshqatdan undan chiqarurmiz”. (Toha, 55-oyat). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar