ISLOM TARIXIDA O‘TGAN XALIFALAR HAQIDA

ID: 736

04.04.2025

25

Savol:

Islom dinida o‘tgan xalifalar haqida to‘liq ma’lumot bersangiz?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Islom tarixida xalifalik asosan to‘rt ulug‘ xalifa, roshid xalifalar bilan boshlangan. Ular Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhumlardir. Xalifa so‘zi o‘rinbosar ma’nosida bo‘lib, sahobalar xalifatur rasul – Rasuli akram alayhissalomning xalifalari, o‘rinbosarlari, keyinchalik esa xalifa so‘zining o‘zini qo‘llaganlar. Xalifalik asosan mana shu to‘rt buyuk sahobiy davrida bo‘lgan. Keyingi davrlarda ham garchi xalifalik deb nomlansada, podshohlikka asoslangan holda ish yuritilgan. Zero payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:

الخلافة في أمتي ثلاثون سنة ثم ملك بعد ذلك (رواه الإمام الترمذي رضي الله عنه عن سفينة رضي الله عنه) 

ya’ni: “Ummatim ichida xalifalik o‘ttiz yildir. Undan keyin podshohlikdir” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Keyinchalik Umaviylar xalifalikka o‘tirib, hijriy 41 yildan boshlab, hijriy 132 yilgacha 91 yil hukmronlik qildilar. Umaviy nomi mashhur sahoba Muoviya ibn Abu Suyon raziyallohu anhumoning ismlaridan kelib chiqqan. Bu davr mobaynida jami 14 ta xalifa hukmronlik qilgan. Oxirgi umaviy xalifa Marvon ii hisoblanadi.

Umaviylardan keyin Abbosiylar xalifaligi davri boshlandi. Ushbu nom Payg‘ambarimiz alayhissalomning amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib raziyallohu anhuning ismi bilan bog‘liqdir. Bularning hukmronlik yillari ko‘proq davom etdi. Taxminan 132 hijriy (524 melodiy) yilda boshlanib 656 hijriy yilda yakuniga yetdi. Jami 37 ta xalifalar hukmronlik qilib, birinchisi Abul Abbos as-Saffoh, oxirgisi Mu’tasim-billoh hisoblanadilar. 

Bulardan keyin Usmoniylar xalifaligiga asos solindi. Usmoniy nomi uning birinchi rahbarlari Usmon ibn Ertug‘rul bilan bog‘liqdir. Usmoniylar 600 yildan ortiq Islom olamini boshqardilar. Ular hijriy 697-1343 yillarda, milodiy 1290 yildan 1924 yilgacha hukmronlik qildilar. Jami 37 xalifa bo‘lib, oxirgi xalifa Abdulmajid ii hisoblanadi. Bular haqida batafsil ma’lumotni Islom tarixiga oid kitoblardan, xususan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhning “Islom tarixi” kitoblaridan topish mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar