Ishorai sabboba qilish paytida ishora barmog‘ini qimirlatib o‘tirish kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Namozda ishorai sabboba qilish paytida ko‘rsatkich barmoqni qimirlatib turish – sunnatga xilof, makruh amal sanaladi. Chunki Abdulloh ibn Zubayr raziyallohu anhudan naql qilingan sahih hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom tashahhudda barmoqlarini qimirlatmaganlari ochiq oydin aytilgan:
"أَنَّهُ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يُشِيرُ بِالسَّبَّابَةِ وَلَا يُحَرِّكُهَا" (أَخْرَجَهُ أَبُو دَاوُد وَالنَّسَائِيُّ وأَحْمَدُ).
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam sabboba barmoqlari bilan ishora qilar va uni qimirlatmas edilar” (Imom Abu Dovud, Imom Nasaiy va Imom Ahmad rivoyatlari).
Ushbu hadisning sanadini Imom Navaviy sahih deganlar. Bu hadisga ko‘ra, ishorada barmoqni qimirlatmasdan faqatgina bir marta ko‘tarib-tushurish kerakligi bayon qilinmoqda. Ushbu ma’noni boshqa sahobalardan rivoyat qilingan ko‘plab hadislar ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Birgina Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning rivoyatida:
"ثم رفع إصبعه فرأيته يحركها يدعو بها" )رواه الامام أحمد والامام النسائي)
“... Keyin barmoqlarini ko‘tardilar. Uni harakatlantirayotganlarini ko‘rdim. U bilan duo qilardilar”, deyilgan (Imom Ahmad va Imom Nasaiy rivoyatlari).
Lekin muhaqqiq ulamolar ishorai sabbobada barmoqni qimirlatishga dalolat qiladigan ushbu rivoyatni shoz – hujjatga yaroqsiz hadis ekanini ta’kidlashgan.
Ayrim ulamolar esa, Ibn Zubayr va Voil ibn Hujrning rivoyatlarini muvofiqlashtirishga harakat qilishgan. Jumladan Imom Abu Bakr Bayhaqiy rahimahulloh shunday deydilar:
يحتمل أن يكون المراد بالتحريك الإشارة بها لا تكرير تحريكها، فيكون موافقـًا لرواية ابن الزبير
“(Hadisdagi) barmoqni qimirlatishdan – u bilan ishora qilish ma’nosi ko‘zlangan bo‘lishi mumkin. Uni harakatlantirib turish emas. Shundagina u Ibn Zubayrning rivoyatiga muvofiq bo‘ladi” (“Sunanul kubro” kitobi, 2-juz, 231-bet).
Shayx Salomulloh Hanafiy shunday deydilar: “Hadisdagi “barmoqlarini harakatlantirdilar” jumlasidan murod, muborak barmoqlarini ko‘tarishlari tushuniladi, xolos. Shundagina “Barmoqlari bilan ishora qilar edilar va qimirlatmasdilar”, deya naql qilingan boshqa rivoyatlar bilan muvofiq bo‘ladi” (“Avjazul masolik”, 2-juz, 117-bet).
Qolaversa, namozda barmoqni qimirlatish behuda ish bo‘lib, makruh amal sanaladi. Bu haqda Alloma Tahtoviy shunday deydilar:
( وتسن الإشارة ) أي من غير تحريك فإنه مكروه وعندنا كذا في شرح المشكاة للقاري
“Ishorai sabbobani barmoqni qimirlatmasdan bajarish sunnatdir. Zero, barmoqni qimirlatish bizning mazhabga ko‘ra, makruhdir. Mulla Ali Qoriyning Sharhul-mishkot kitobida shunday deyilgan” (“Hoshiya at-Tahtoviy” 1-juz, 179-bet).
Xulosa qilib aytganda, ishorai sabbobada barmoqni qimirlatib turish yoki uni salom berguncha tik ushlab turish sunnatga xilof, makruh amaldir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.