ISHLAR O‘Z AHLIDAN BOSHQALARNING QO‘LIGA O‘TISHI HAQIDA

ID: 713

04.04.2025

78

Savol:

“Qachonki ishlar o‘z ahlidan boshqa kishilar qo‘liga o‘tkazilsa, qiyomatni kutavering”, degan hadisni sharhlab bersangiz?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Hadisning matni quyidagicha:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : إِذَا ضُيِّعَتِ الأَمَانَةُ فَانْتَظِرِ السَّاعَةَ قَالَ : كَيْفَ إِضَاعَتُهَا يَا رَسُولَ اللَّهِ ؟ قَالَ : إِذَا أُسْنِدَ الأَمْرُ إِلَى غَيْرِ أَهْلِهِ فَانْتَظِرِ السَّاعَةَ (رواه الإمام البخاري)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Qachon omonat zoye bo‘lsa, qiyomatni kutaver”, dedilar. “Uning zoye bo‘lishi qandoq, ey Allohning Rasuli?” deyishdi. “Qachon ish o‘z ahlidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyat qilganlar).

Bu hadisi sharifdan omonat nafaqat savdo-sotiq yoki moliyaviy narsalarda, balki, ma’naviy sohada ham, jumladan rahbarlik ishboshilikda ham bo‘lishini anglab olamiz.

Ulamolarimiz ishning o‘z ahlidan boshqaga topshirilishini, din va dunyo ishlarida mazkur ishlardan xabarsiz, mutaxassis bo‘lmagan kishilarning ularga bosh bo‘lishi, deb izohlaganlar.

Omonat zoye bo‘lsa, barcha ish chappasiga ketadi. Haydovchi omonatni zoye qilsa, yo‘lovchilarning hayoti xavf ostida qoladi. O‘qituvchi omonatni zoye qilsa, kelajak avlod ilmsiz, johil bo‘ladi. Quruvchi omonatni zoye qilsa, binolar qulab, shaharlar vayron bo‘ladi. Shifokor omonatni zoye qilsa, bemorlar halok bo‘ladi. Ota-ona omonatni zoye qilsa, farzandlar tarbiyasi buzilib, axloqsiz bolalar ko‘payadi. Er-xotin omonatni zoye qilsalar, oilalar buziladi. Ulamolar omonatni zoye qilsalar, din hukmlariga to‘liq amal qilish yo‘qoladi, musulmonlarning huquqlari toptaladi. Rahbarlar omonatni zoye qilsalar, xalq adolatsizlik va zulmdan eziladi.

Xullas, bir ishni nomunosib kishiga topshirilsa, u o‘ziga berilgan mansab va vazifaning bilimdoni, loyiq kishisi bo‘lmagani uchun, tabiiyki, o‘sha ishda juda ko‘p xatolarni sodir etadi, ishni to‘g‘ri yo‘nalishda olib bormay, omonatni zoye qiladi, buning ortidan esa ko‘ngilsizliklar yuzaga keladi.

Bu hadisi sharif hozirgi kunimizda ham amal qilish juda ham  dolzarb bo‘lib turibdi. Bir soha xodimi o‘z sohasini rivojlantirish, kamchiliklarini to‘g‘rilash o‘rniga boshqa sohani, uning xodimlarini aybini qidirib yurish bilan band bo‘ladi. Natijada o‘z sohasi kasodga uchraydi (Manba: “Hadis va hayot” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar